Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koreyaga ishga jo‘natish bo‘yicha o‘tkaziladigan test tizimiga o‘zgartirishlar kiritildi
Koreya Respublikasiga ishga yuborishda yangi test tizimi joriy etildi. Bu haqda O‘zbekiston mehnat va bandlik munosabatlari vazirligi boshqarma boshlig‘i Ravshan Shoraimov ma'lum qildi.
Bugun, 1 iyun kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tashabbusi bilan tashkil qilingan tadbirda yangi test tizimi afzalliklari hamda koreys tilidan bilimni baholash markazlari faoliyati, test o‘tkazish jarayoni, fuqarolarga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.
Ravshan Shoraimovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda Koreyaga ishga jo‘natishda tashkil qilingan test sinovini respublikaning 3 ta bilimni baholash markazlari o‘tkazish huquqiga ega. Kelajakda ularning soni yanada ko‘paytiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu markazlarni tashkil etish uchun yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan va vazirlik akkreditatsiyasidan o‘tish lozim.
Fuqarolar ushbu markazlarga murojaat qilishda quyidagi talablarga javob berishi kerak:
• yoshi 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lishi;
• avval Koreyada bo‘lgan bo‘lsa, deportatsiya qilinmagan bo‘lishi;
• muqaddam sudlanmagan va qonunda belgilangan tartibda O‘zbekistondan chetga chiqishga taqiq qo‘yilmagan bo‘lishi;
• sog‘lom bo‘lishi.
Bilimni baholash markazlari faoliyati quyidagi bosqichlardan iborat:
• fuqaro markazga murojaat qiladi;
• EKIH ning 1,5 baravari miqdorida imtihon to‘lovini amalga oshiradi;
• koreys tilidan imtihon topshiriladi;
• imtihon natijalariga ko‘ra, 100 ball shkalasida 70 balldan yuqori to‘plaganlarga markaz tomonidan sertifikat beriladi;
• markaz sertifikat ro‘yxatini tuzib har juma kuni vazirlikka hisobot topshiradi;
• vazirlik shanba kuni ro‘yxatni tekshiradi va undan o‘tgan fuqaro koreys tilidan EPS-TOPIK imtihonini topshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Imtihon 2 bosqichda o‘tkaziladi:
1. Koreys tilidan EPS-TOPIK imtihoni. Bunda 2000 nafar ishtirokchi qatnashadi.
2. Malaka testi (skill test). 1000 nafar qatnashchi imtihon topshiradi va undan so‘ng saralash bosqichi tugagach, 500 nafar fuqaro Koreyaga ishga jo‘natiladi.
Shoraimov bilimni baholash markazlari tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatning haqiqiyligi va test sinovlari shaffofligini tekshirishda qat'iy tartib o‘rnatilganligini alohida ta'kidladi.
Bunda markazlar taqdim etgan ro‘yxatdagi umumiy ishtirokchilarning 3 foizi natijalari tekshiriladi. Masalan, 100 ta ro‘yxatdan 10 nafar ishtirokchidan 5 ta (50%) va undan ortig‘ining natijalari soxtalashtirilgan bo‘lsa, vazirlik qaroriga ko‘ra, markaz tomonidan tuzilgan ro‘yxat butunlay bekor qilinadi.
Mavzuga oid
10:43 / 14.05.2026
400 ming dollarlik firibgarlik: Koreya ish vizasi bilan bog‘liq holat fosh etildi
10:44 / 23.04.2026
Koreyada vafot etgan o‘zbekistonlik qiz haqida rasmiy bayonot berildi
10:59 / 10.04.2026
O‘zbekistonliklar o‘qish uchun eng ko‘p Rossiya va Koreyaga ketmoqda
17:41 / 11.02.2026