21:08 / 03.06.2019
32906

30 yil odamlarni aldab kelgan soxta “saudiyalik shahzoda”ga hukm chiqarildi

Foto: Mayami-Dade politsiya bo‘limi

AQShda o‘zini saudiyalik shahzoda qilib ko‘rsatib, qimmatbaho mehmonxonalarda yashagan, shaxsiy haydovchi bilan limuzinda yurgan va millionlab dollarga kreditlar olgan firibgarga jazo hukmi chiqarildi. Bu haqda Miami Herald nashri ma'lum qildi.

Sud 48 yoshli Entoni Jinyakni o‘nlab sarmoyachilarni aldashda aybdor deb topib, unga 18,5 yillik qamoq jazosi tayinladi. Sarmoyachilar unga 2015 yildan boshlab 8 mln dollardan ko‘proq pul berishgan.

O‘zini saudiyalik shahzoda Halil Ol Saud qilib ko‘rsatgan firibgar sudda odamlarga moddiy va ma'naviy zarar yetkazganini tan olgan. Biroq u sheriklarini ham jazolash lozimligini aytgan. Advokat Jinyakning jinoyat sodir etishga moyilligini og‘ir o‘tgan bolaligi bilan bog‘lagan va unda ruhiy muammolar borligini aytgan.

Soxta arab shahzodasi 30 yil davomida boy odamlarni aldab kelgan va o‘zgalar puliga boy hayot kechirgan. Jinyak 1991 yildan o‘zini shahzoda qilib ko‘rsatib kelgan. U bir necha marta panjara ortiga ham tushgan, biroq har gal u yerda uzoq qolmagan. Uning oxirgi qurboni va firibini fosh qilgan odam amerikalik milliarder Jyeffri Saffer bo‘lgan. 2017 yil avgustda milliarder soxta shahzoda bilan muzokaralar vaqtida uning islomda taqiqlangan cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan taomni paqqos tushirayotganiga e'tibor qaratgan. Shundan keyin u o‘zining xavfsizlik xizmatidan Jinyakning shaxsini tekshirishni so‘ragan va firibgarning qilg‘ilig‘ini fosh qilgan.

2017 yil noyabrda Jinyak hibsga olingan, uning pentxausida turli ismlarga tashrif qog‘ozlari, qalbaki diplomatik raqamlar, kredit kartalar, minglab dollar naqd pul va Saudiya qirollik uyi a'zosi nomiga moliyaviy hujjatlar topilgan. 2018 yil firibgar tergov bilan kelishuvga borib, aybini tan oluvchi ko‘rsatmalar bergan. Ammo keyinroq ulardan voz kechib, o‘zini aybsiz deb e'lon qilgan. 

Top