Jamiyat | 20:00 / 14.06.2019
49181
8 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlar oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirgani uchun qancha pul to‘laydi? DXM aniqlik kiritdi

O‘zbekistonlik blogerlardan biri bu yil abituriyentlar o‘qishga hujjat topshirganida ikki marta pul to‘lashiga to‘g‘ri kelishini yozdi.

Uning yozishicha, avvalgi yillarda tugatgan abituriyentlardan hujjat qabul qilishda EKIHning yarim baravari (101365 so‘m) miqdorida to‘lov undiriladi. Bundan tashqari, agar abituriyentlar Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Samarqand davlat universitetiga davlat xizmatlari markazi orqali hujjat topshirsa, 101 365 so‘m to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.

Demak, o‘tgan yili imtihondan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan abituriyentlar ikki marta pul to‘lashadi:

- imtihonlarda ikkinchi marta qatnashayotganligi uchun 101 365 so‘m;

- davlat xizmatlari markazi orqali hujjat topshirgani uchun 101 365 so‘m.

Blogerning qayd etishicha, imtihonlarda qatnashishning o‘ziga davlat 200 ming so‘mdan ortiq to‘lov undirmoqda. 

Kun.uz bu masalada aniq va batafsil ma'lumot olish uchun davlat xizmatlari agentligiga murojaat qildi. Savollarga agentlikning jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Sevara Zokirova javob berdi.

- Ayting-chi, abituriyentlar davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz portali orqali hujjat topshirganida qancha miqdorda to‘lov to‘laydi?

- O‘rta ta'lim muassasalarini joriy yilda bitirgan abituriyentlar imtihonda qatnashish uchun hamda DXM xodimlari xizmati uchun pul to‘lamaydi.

O‘rta ta'lim muassasalarini avvalgi yillarda bitirgan abituriyentlar test sinovlarida ishtirok etish uchun EKIH yarim baravari (101 ming 365 so‘m) miqdorida to‘lov to‘laydilar. Hujjatlarni elektron tarzda topshirmoqchi bo‘lganlar uchun to‘lanadigan summaning 10%i miqdorida chegirma qilinadi, ya'ni 91 228 so‘m 50 tiyin to‘lashadi va bu pullar davlat test markaziga yo‘naltiriladi.

E'tibor bering, har ikki holatda ham davlat xizmatlari markazi uchun to‘lov undirilmaydi. 

- Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Vazirlar Mahkamasining 7 iyun kungi qarorida «bir ayyorlik o‘tib ketgani», ya'ni Adliya vazirligi huzuridagi jamg‘arma hisobiga pul o‘tishi haqida yozdi. Buni qanday izohlaysiz?

- Hech qanday «ayyorlik» yo‘q. Biz bor-yo‘g‘i abituriyentlar uchun hujjat topshirish tartibini soddalashtirish va ushbu xizmatni taqdim etish jarayonini maqbullashtirishni istaymiz. Aynan davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan o‘tgan yili oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirishning soddalashtirilgan tartibi sinovdan o‘tkazildi. Qator hujjatlarga - U-086 tibbiy ma'lumotnomasi, yashash joyidan ma'lumotnoma, fotosurat hamda poytaxtga kelish va yashash bilan bog‘liq xarajatlar yo‘q bo‘ldi.

Shu bois davlat xizmatlari agentligi orqali hujjat topshirilganida xodimlarimiz mazkur xizmat uchun hech qanday pul olmaydi.

- Hozirda hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin. Bularni birlashtirish, ya'ni faqat internet orqali yoki davlat xizmatlari orqali topshirishni yo‘lga qo‘yish mumkin emasmi?

- Biz fuqarolarimizda tanlash imkoni bo‘lishi, ya'ni o‘zlariga qulay yo‘lni tanlashlari tarafdorimiz. Masalan, abituriyentning davlat xizmatlari markaziga kelishga vaqti yo‘q bo‘lsa, uyidagi kompyuteri orqali topshirishi mumkin. Ammo so‘rovlarimiz natijalari fuqarolar elektron ko‘rinishdan ko‘ra markazlarga kelib hujjat topshirishni maqbul ko‘rishlarini ko‘rsatdi.

- Nima uchun hujjat qabul qilish bilan ta'lim muassasalari emas, davlat xizmatlari markazlari shug‘ullanmoqda?

- Birinchidan, bu mamlakatimiz rahbari tomonidan imzolangan bu yilgi davlat dasturida ko‘zda tutilgan. Ikkinchidan, aytib o‘tganimdek, o‘tgan yili Toshkent davlat yuridik universitetida hujjat qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi sinab ko‘rildi. 

Natija ma'lum - 7 mingdan ortiq oila 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni tejashga erishdi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlariga hujjat qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilishi natijasida shuncha mablag‘ tejab qolingan. Shunday qilib, O‘zbekiston aholisining mablag‘lari oila budjetida qoladi, ularning qimmatli vaqtlari tejaladi.

- Aytaylik, abituriyent Samarqand viloyatidagi tumanlardan birida yashaydi, u Samarqand davlat universitetiga o‘qishga kirmoqchi, ya'ni barcha jarayon bir hududda bo‘lib o‘tadi. Ayrimlar abituriyent faqatgina davlat xizmatlari markazi orqali hujjat topshirishi va pul to‘lashiga to‘g‘ri kelishiga e'tiroz bildirmoqda. Hujjatlarni markazlar orqali topshirish shartmi?

- Mazkur o‘quv yurtiga hujjatlarni davlat xizmatlari markazi orqali yoki onlayn topshirish mumkin. Respublikaning har bir tumanida (shahri) DXM mavjud, bundan tashqari, uzoq aholi maskanlarida ularning filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Xizmatlar ro‘yxatda turish va yashash joyidan qat'i nazar ko‘rsatiladi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, DXM orqali hujjat topshirilganida davlat xizmatlari ko‘rsatilgani uchun to‘lov olinmaydi.

- Demak, bu yildan boshlab aksariyat o‘quv yurtlarida qabul komissiyalari bo‘lmaydi va abituriyent hujjat topshirish uchun ta'lim muassasasiga bormaydi?

- Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti va Samarqand davlat universitetiga hujjatlarni soddalashtirilgan tartibda topshirish mumkin. 

- Xorij mamlakatlarida «application fee» degan tushuncha bor, ya'ni abituriyent ma'muriyat uning hujjatlarini ko‘rib chiqqani uchun pul to‘laydi. Bizda ham vaqti kelib hujjat topshirish barcha uchun pulli bo‘lishi mumkinmi?

- Hozirda bu xizmat bepul va mazkur xizmat uchun to‘lov olish haqida hech qanday gap yo‘q. 

- O‘zbekistonda abituriyentlarga bir yo‘nalish bo‘yicha birdaniga uchta o‘quv yurtiga hujjat topshirish imkoniyati yaratildi. Agarda abituriyent beshta o‘quv yurtidan birini tanlasa, biroq qolgan ikkitasiga sizlarning xizmatingiz joriy etilmagan bo‘lsa nima qiladi?

- Agarda fanlar ketma-ketligi tanlangan asosiy yo‘nalishga mos bo‘lsa, yana ikkita o‘quv yurtini tanlash mumkin bo‘ladi. Gap hujjatlar qabuli DXM yoki elektron tartibda amalga oshiriladigan beshta oliy o‘quv yurti haqida bormoqda.

Masalan, abituriyent Samarqand davlat universitetida «fizika-matematika» yo‘nalishini tanlagan bo‘lsa va unda birinchi fan fizika, ikkinchisi – matematika, uchinchisi – ingliz tili bo‘lsa (mazkur yo‘nalishda fanlar tartibi farq qilishi mumkin), u holda tanlanuvchi qolgan ikki yo‘nalish ham shunga mos bo‘lishi kerak. Abituriyent tanlagan qo‘shimcha yo‘nalishlar yuqoridagi ta'lim muassasasi toifasiga kirish-kirmasligidan qat'i nazar. 

- Hujjatlarni o‘z yashash joyini tark etmasdan topshirish anchagina manfaatli. Sababi viloyatdan Toshkentga kelib-ketish, yashash xarajatlari qimmatga tushadi. Bu yo‘nalishda yana nimalarni rejalashtirgansizlar?

- Yuqorida aytib o‘tganimdek, davlat dasturida hujjatlarni davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan. O‘zbekistondagi barcha oliy ta'lim muassasalarini qamrab olish va ushbu xizmatni taqdim etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish rejalashtirilgan.

Ulug‘bek Akbarov suhbatlashdi

Mavzuga oid