O‘zbekiston | 20:10 / 14.06.2019
8542
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: Voyaga yetmaganlar huquqlarini buzgan 5200dan ortiq mansabdor shaxs javobgarlikka tortildi

O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga doir qonunlar ijrosini ta'minlashda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun 2019 yil yanvar-fevral oylarida 5204 mansabdor shaxsga nisbatan intizomiy, ma'muriy va moddiy javobgarlik qo‘llanilgan. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan matbuot anjumanida shu haqda ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.   

Uning so‘zlariga ko‘ra, «voyaga yetmaganlar haqidagi qonunlar ijrosini ta'minlash borasida prokuratura organlari tomonidan 888ta tekshirish o‘tkazilib, 4471ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. 5204 mansabdor shaxslar intizomiy, ma'muriy va moddiy javobgarlikka tortildi, 18ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi».

Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasining “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi o‘rganilganda, 3016 nafar yetim va ota-ona qarovisiz qolgan bolalar aniqlanib, buning natijasida 701ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan. 265 shaxs intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortilgan, 2ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan».

Shuningdek, «voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik ahvoli tahlil qilinib, Bosh prokuror nomidan Xalq ta'limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirlariga taqdimnomalar kiritilgan hamda tegishli chora-tadbirlar belgilangan. Voyaga yetmaganlar o‘rtasida suitsid holatlarining oldini olish yuzasidan ta'lim muassasalarining pedagog va psixologlari uchun metodik qo‘llanmalar tayyorlangan». 

Mavzuga oid