Bosh prokuratura Yusupovning ishi nazoratda ekanini ma'lum qildi, ayblanuvchining onasi va advokati esa uni ko‘ra olmayotganidan norozi

14 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi mutasaddilari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Said-Abdulaiz Yusupovning ishi yuzasidan ham savollar berildi.
«Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasida qaysi organ qaysi holatda ko‘rib chiqishi mumkinligi keltirib o‘tilgan. Unda 168-moddaning (firibgarlik) ikkinchi va uchinchi qismlarida ichki ishlar organlari vakolatidaligi belgilangan. 168-moddaning 4-qismi «a» bandi bo‘yicha qaysi organ ishni olib borishi keltirilmagan.
Jinoyat-protsessual kodeksimizda jinoyatlar borki, tegishliligi ko‘rsatilmagan. Bunday holatlarda jinoyat ishini qo‘zg‘atgan organ tergovni olib borishga haqli hisoblanadi. Bu shaxs aynan Davlat xavfsizlik xodimiman degan vaj bilan jabrlanuvchilardan katta summada pul olgan. Mana shu argument yuzasidan ham Davlat xavfsizlik xizmati tergov olib bormoqda. Unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Bu ish yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan nazorat o‘rnatilgan. Bosh prokuratura qabulxonasiga Said-Abdulaziz Yusupovning onasi murojaatidan so‘ng, nazorat qiluvchi prokuror tomonidan tibbiy va komissiyaviy ekspertiza tayinlandi. Bundan tashqari, ortiqcha tushunmovchiliklar bo‘lmasligi tufayli ham tibbiy ekspertiza va komissiyaviy ekspertiza o‘tkazildi. Ularning natijalari yaqin kunlarda e'lon qilinadi», deya ma'lumot berildi Yusupov ishi nega DXX tomonidan ko‘rib chiqilayotgani to‘g‘risidagi savolga javoban.
Jurnalistlardan biri «Said-Abdulaziz Yusupovning jinoiy sheriklari bo‘lgan-bo‘lmagani» haqida so‘radi.
«Ushbu tergov harakatlarida shaxsan qatnashmaganman. Menga berilgan ma'lumot doirasida ma'lum qilishim mumkin. Uning jinoiy sheriklari haqida biror ma'lumot berolmayman», deya javob qaytardi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.
«Bu ish tafsilotlarini aniqlash bu tergov jarayonida aniqlanadigan holat. Bu ish bizning nazoratimizda. Lekin bu bizning ish yurituvimizda degani emas. O‘ylaymanki, Said-Abdulaziz Yusupov ishi bo‘yicha sud o‘zining munosabatini beradi. Ayblov xulosasi o‘rganiladi. Sud munosabatidan so‘ng, bu masalaga qaytish to‘g‘ri bo‘ladi», deya Bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yo‘ldoshevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Oldinroq Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan ayblanayotgan Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi sobiq direktori Said-Abdulaziz Yusupovning o‘z advokati bilan ko‘risha olmayotgani aytilgandi. Ayblanuvchining ukasi Muhammad Bahouddin Yusupov o‘zining feysbukdagi sahifasida shu haqda ma'lum qildi. Kichik Yusupov akasining advokati mijozi bilan yana (!) uchrasha olmaganiga urg‘u bergan.
«Oilamiz tomonidan yollangan advokatga yana akam bilan ko‘rishishga ruxsat berishmayapti. Shu sababdan advokatimiz O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga, DXX raisi Abdusalom Azizovga va Bosh prokuraturaga maktub yulladi»,- deb yozadi Muhammad Bahouddin Yusupov o‘z postida.
Kichik Yusupov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida onasining murojaat shaklidagi videosini ham joyladi. Unda ayblanuvchining onasi farzandini ko‘rish uchun kutib turgani, lekin uni boshqa yerdan olib ketishgani haqida gapirgan.
Muhammad Bahouddin Yusupovning aytishicha, 9 iyun kuni uning oila a'zolari akasini ularning guvohligida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishlarini talab qilib, Bosh prokuraturaga xat yozishgan. Biroq kichik Yusupovning o‘z sahifasida yozishicha, tibbiy ko‘rik jarayonida ham, ko‘rik tugagach ham Said-Abdulaziz Yusupov oila a'zolari bilan ko‘risha olmagan.
«Bugun akamni tibbiy ko‘rikka olib borishganida, oila a'zolarimizni yaqinlashtirishmagan va akam ko‘rsatilmagan. Chiqishda ko‘rarmiz degan umid bilan kutsalar, akamni orqa eshikdan olib chiqib ketishgan. Bundan tashkari tibbiy ko‘rikdan so‘ng, advokatimiz ketgach, Bosh prokuraturaning maxsus «jurnalistlari» akamdan intervyu olishgan. Biz tomondan hech kimning guvohligisiz»,- deb post qoldirdi kichik Yusupov. Yuqoridagi ayblanuvchining onasi gapirgan video aynan shu postga ilova qilingan.
Bosh prokuratura esa Said-Abdulaziz Yusupovning tanasida qiynash alomatlari bo‘lmaganini rasman ma'lum qildi.
10 may kuni Said-Abdulaziz Yusupov Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinib ushlangan va DXX tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
12 may kuni DXX Tergov boshqarmasi tomonidan S.Yusupov jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.