Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyada halok bo‘lgan mehnat migrantlarini olib kelish xarajatlari davlat budjetidan qoplanadi
O‘zbekiston hukumati Rossiya Federatsiyasida biror kor-hol tufayli halok bo‘lgan vatandoshlarning jasadini olib kelish bo‘yicha xarajatlarni qoplaydi. Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiyev Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shunday bayonot berdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
Xorijiy OAV vakillaridan biri Rossiya Vaqtinchalik saqlash markazlaridagi 1,5 ming o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarini qaytarish bo‘yicha loyiha ijrosi qaysi bosqichda ekaniga qiziqdi. Bu borada biror yangi kelishuvlar mavjudmi, deya so‘radi jurnalist.
«Siz biz uchun juda ham muhim masalani ko‘tardingiz. Men bu masalaga to‘liq oydinlik kiritishga harakat qilib ko‘raman, chunki Rossiya yo‘nalishi biz uchun asosiydir. Agar, qariyb 2,5 mln vatandoshimiz vaqtinchalik mehnat migratsiyasi bilan xorijiy davlatlarda bo‘lsa, shundan 2 mln atrofidagi fuqarolarimiz Rossiyada. Buning birinchi sababi, bizlar rus tilini tushunishimiz bo‘lsa, ikkinchisi vizasiz tartibning mavjudligidir. Pul o‘tkazmalari borasida gapiradigan bo‘lsak, 2018 yil holatiga ko‘ra, Rossiyadan bir yilda 4 mlrd AQSh dollari miqdorida mablag‘ mehnat muhojirlarimiz tomonidan yuborilgan.
Endi Rossiya IIV Vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risida. Biz shunday markazlarda saqlanayotgan 950ga yaqin vatandoshlarimizni qaytardik. Haqiqatdan ham biz so‘nggi 1,5 oy davomida bu mavzuni yoritmadik. Bizning kamchiligimiz shunda. Ammo, bu dastur to‘xtagani yo‘q, aksincha davom etmoqda va faollashtiramiz. Biz hukumat va vazirlar darajasida bir necha bor uchrashdik. O‘zbekiston hukumati Rossiyaning har qanday hududidagi vaqtinchalik saqlash markazlaridagi o‘zbekistonliklarni qaytarish xarajatlarini moliyalashtirishga tayyor.
Shu bilan birga, shaxs O‘zbekiston fuqarosi ekanini aytishi mumkin, biroq uning shaxsini tasdiqlovchi hujjati bo‘lmasa, uning shaxsini aniqlab, sertifikat berish orqali qaytarishga ma'lum bir vaqt ketadi», - dedi Sherzod Qudbiyev. Uning bildirishicha, bu amaliyot bir necha idoralarning hamkorligi natijasida amalga oshiriladigan ishdir. Vazirga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni nafaqat o‘z fuqarosiga tasdiqlovchi sertifikatni bepul bermoqda, balki ularni qaytarib olib kelish xarajatlarini ham to‘lamoqda. Shu bilan birga, Rossiya hududiy jihatdan ulkan davlatligi inobatga olinsa, mamlakatning turli burchaklarida bo‘lgan vaqtinchalik saqlash markazlaridagi o‘zbekistonliklarni qaytarishda logistika murakkabliklari ham paydo bo‘lmoqda.
BvaMM vaziri, shuningdek, o‘zbekistonliklarning «200» raqamli yukini olib kelish uchun to‘lovlarni amalga oshirish jarayonini sezilarli ravishda yengillashtirish bo‘yicha vakolatxonaga topshiriq berganini ta'kidladi.
«Agar biz ilgari patent nusxasi, soliqlarni to‘laganlik nusxasi kabi hujjatlarni talab qilmayapmiz. Yaqinda yig‘ilish ham o‘tkazdik va uning natijasida O‘zbekiston hukumati «200» raqamli yukni olib kelish xarajatlarini ham o‘z zimmasiga oladi. Faqatgina, uzoq hududlarda shunday noxushliklar ro‘y bergudek bo‘lsa, bunday yukni olib kelish ham biroz uzoq muddatni oladi», - dedi Qudbiyev.