Jamiyat | 19:20 / 19.06.2019
31258
3 daqiqa o‘qiladi

«Sifatsiz qurilish uchun qayta hisob qildiramiz, lekin narxni tushirolmaymiz». Turdimov Samarqanddagi uylar masalasida uchrashuv o‘tkazdi

So‘nggi haftalarda Samarqandning Qorasuv massividagi «Obod maskan» mahallasida joylashgan arzon uy-joylarning narxi oshgani masalasi ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘lib turibdi.

16 iyun kuni Kun.uz`da ham «Uy talabga javob bermaydi» — Samarqandliklar «arzon» uylar qimmatlab ketganidan norozi bo‘lmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingandi.

Bugun, 19 iyun kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mahalla ahli bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, respublika «O‘zshaharqurilishinvest» mas'ullari, viloyatdagi barcha tegishli idoralar rahbarlari ham shu yerda bo‘ldi.

Viloyat rahbari aholining uylar sifati va narxi haqidagi shikoyatlari bilan yana bir bor tanishgach xulosasini bildirdi.

«Uyning sifati, kamchiliklari bo‘yicha prokuratura bilan hamkorlikda ishlab, chora-tadbir ko‘rishga qurbimiz yetadi. Misol uchun, kimning uyi sifatsiz qurilgan bo‘lsa mutaxassislar bilan birgalikda uning summasi aniqlanib, xonadon egasiga qaytartiramiz. Eng qulay yo‘li shu deb bilaman. Sud tartibida undirtiramiz quruvchidan.

Bunday holatni oldin ham ko‘rganmiz, agar sifatsiz uy qurgan quruvchining o‘ziga qo‘yib bersak hech narsa o‘zgarmaydi. Quruvchilarga hali belgilangan pulning 5 foizi berilgan emas. Mablag‘ni nopok quruvchidan aholiga qaytarish imkoniyatiga haliyam egamiz. Qachonki, aholi uy sifatiga rozib bo‘lib qo‘l qo‘yib bergachgina quruvchiga bu mablag‘ to‘liq o‘tkazib beriladi. Uyning kvadrat metri belgilanganidan kam chiqqani aytilmoqda. Aytaylik, kimdir dastlabki to‘lovni 70 kvadrat metr uchun to‘lagan, bugun esa 64 kvadrat metrga ega bo‘lsa, buni ham qayta hisob-kitob qildiramiz.

Uy narxini pasaytirishga esa mening vakolatim ham, huquqim ham yo‘q, bu –«O‘zshaharqurilishinvest» respublika tashkiloti. O‘z vaqtida boshlang‘ich narxlarning taxminiy ekanini ham aytganmiz. Yana bir tomondan agar uy narxi boshqa viloyatlarda boshqa-yu Samarqandda boshqacha bo‘lganida boshqa gap edi. Narxlar respublika bo‘yicha bir xil. Agar kimdir pulini qaytarib olmoqchi bo‘lsa, kompensatsiya bilan qaytarib berib uyni qayta sotib olishga ham tayyormiz. Chunki odamlar uy uchun dastlabki to‘lovni amalga oshirganiga ham ikki yil bo‘lyapti. Narxlar o‘zgargan, inflatsiyani ham hisobga olish kerak», dedi viloyat hokimi aholi bilan uchrashuvda.  

Mavzuga oid