O‘zbekiston | 20:00 / 20.06.2019
19672
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisida qanday masalalar ko‘rib chiqiladi?

2019 yil 21 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini boshlaydi. Unda yangi tahrirdagi yangi qonunlar, Bosh vazir o‘rinbosarlariga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi. 

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Turizm to‘g‘risida”,  “Shaxsga doir ma'lumotlar to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunlari muhokama etiladi. 

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi budjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari va O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar ham senatorlar muhokamasiga havola etiladi. 

Bundan tashqari, senatorlar Navoiy viloyatining Navoiy shahri va Karmana tumani chegaralarini o‘zgartirish masalasiga doir yakuniy xulosalarini berishadi. 

Shu bilan birga, Bosh vazir o‘rinbosarlari Jamshid Qo‘chqorov hamda Aziz Abduhakimovlarning parlament so‘rovi yuzasidan hisobotlari tinglanadi hamda Vazirlar Mahkamasiga yangi parlament so‘rovlari yuborish masalalari ko‘rib chiqiladi. 

Yalpi majlis mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinishi kutilmoqda. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid