Jamiyat | 20:06 / 22.06.2019
30826
3 daqiqa o‘qiladi

Kozim To‘laganov Sergelidagi uylar narxi nimaning evaziga arzon bo‘lganiga oydinlik kiritdi

Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etgan Qurilish vazirligi mutasaddilari OAV vakillarining turli savollariga javob berishdi. Xususan, Kun.uz muxbiri quyidagicha savol bilan vazirlik vakillariga murojaat qildi. 

-  Qurilish firmalari foyda ko‘rmayapti, dedingiz. Iqtisodiyotda foyda ko‘rilmagan ish bilan shug‘ullanmaslik tavsiya qilinadi. Nahotki, hukumatga, qurilish pudratchisi ham tirikchiligi bor bo‘lgani bois, qandaydir hissada foyda qilsin, buning evaziga uyni sifatliroq qursinki, xarid qilgan kishi 30-40 yil huzur qilib yashasin, degan taklifni bildirish imkoni yo‘qmi? Narxni arzonlashtir, deb arzonlashtiraversak, pudratchi mahsulotdan tejashga urinadi, yoki o‘g‘irlik qilishga harakat qiladi. Natijada uy sifatsiz bo‘ladi. Bu jihatlar e'tiborga olinmayaptimi? 

«Men o‘zim ko‘p yil pudratchi bo‘lib ishlaganman. Qurilishda quruvchining “boshqa xarajatlar” (prochiye zatrata) degan joyi bo‘ladi. O‘sha juda yuqori bizlarda. «Shaharqurilishinvest»da ushbu raqam 18,2 foizga keltirilgan. «Qishloqqurilishinvest»da 15 foizga yaqinlashib qoldi. Uning daromadi ham zarari ham mana shuning ichida. Lekin Sergelida fuqarolarning holatini hisobga olib, istisno tariqasida iltimos qildik, qurilish tashkilotlari o‘ziga tegadigan daromadni olmaslikni hisobiga narxlar arzonlashdi. Albatta, bu vaqtincha qilingan narsa. Uni hammayoqqa tatbiq etib bo‘lmaydi», - deya uylarning narxiga doir savolga javob berdi Kozim To‘laganov. 

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 11 aprelida Sergelidagi yangi uylar narxi oshganidan aholi norozi ekani haqida xabar qilgan edi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir A.Aripov rahbarligida hukumat komissiyasi tashkil etildi, bosh vazir fuqarolar bilan uchrashdi va yangi uylar narxi qayta ko‘rib chiqilishini bildirdi.  

Keyinchalik, yangi uylar narxi arzonlashtirilishi xabar qilingandi

Endilikda ushbu uylar arzonlashtirilishi nimaning evaziga amalga oshgani ma'lum bo‘lmoqda. 

Mavzuga oid