«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJni rivojlantirish konsepsiyasi «Doyche Bann» tomonidan ishlab chiqilmoqda
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Transport vazirligi mutasaddilari ishtirokida «Avia va avtomobil transporti infratuzilmasini, jumladan, jamoat transportini yanada rivojlantirish strategiyasi» mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda mamlakatimiz iqtisodiyotining eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan transport sohasida yillar davomida to‘planib qolgan muammolar va ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.
Xususan, temir yo‘l transporti sohasini isloh qilish, mazkur tarmoqda transport xizmatini ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish, yuqori samarali lokomotiv va qulay vagonlar bilan ta'minlash hamda modernizatsiya qilish ishlariga to‘xtalib o‘tildi.
«2019 yil investitsiya dasturiga muvofiq «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan qiymati 512,19 mln dollar bo‘lgan 23ta investitsiya loyihasi doirasida 1 200ta yuk va 50ta yo‘lovchi vagonlarini ishlab chiqarish, 180 km uzunlikdagi temir yo‘llarni ta'mirlash va boshqa bir qator muhim ishlar amalga oshiriladi», — dedi Transport vaziri o‘rinbosari Ilhom Mahkamov.
Temir yo‘llarda tashilayotgan yo‘lovchilar oqimini ko‘paytirish maqsadida yangi yo‘nalishlarda qatnovlarni joriy etish, uzunligi 1079 km bo‘lgan temir yo‘llarni elektrlashtirish rejalashtirilgani ma'lum qilindi.
«Ayni damda Germaniyaning «Doyche Bann» (Deutsche Bahn) kompaniyasi tomonidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, — dedi Ilhom Mahkamov. — Bu konsepsiyada xizmatlarni takomillashtirish, ishlarni tashkil etish jarayonini isloh qilish va rivojlantirish dasturlarini boshqarish yo‘nalishlari qamrab olinadi».
Jurnalistlar bilan muloqot davomida lokomotivlar, vagonlar parkini bosqichma-bosqich yangilash hamda ko‘paytirish, mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ulushi oshib borishini rag‘batlantiruvchi siyosat olib borilishi aytildi. Hozirda xususiy vagonlar ulushi 20 foizni tashkil etishi bildirildi.
Xavfsizlikni ta'minlash va yuqori ish samaradorligiga erishish maqsadida yo‘lovchi va yuk poyezdlari qatnovi amalga oshiriladigan yo‘llarni bir-biridan ajratish ko‘zda tutilgani qayd etildi.
Mavzuga oid
21:16 / 26.07.2023
Jazirama issiq tufayli poyezdlar harakat tezligiga cheklovlar o‘rnatiladi
21:35 / 11.05.2022
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi tiklanmoqda
21:07 / 17.04.2022
Afg‘oniston «O‘zbekiston temiryo‘llari» bilan hamkorlikni to‘xtatishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar rad etildi
11:54 / 10.07.2020