O‘zbekiston | 19:10 / 27.06.2019
9780
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident AOKA haqida: Bu agentlik axborot maydonidagi fikrlar xilma-xilligini ta'minlash bo‘yicha ish olib bormoqda

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida prezident administratsiyasi huzurida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyati haqida to‘xtaldi.

«Yangicha sharoitda axborot sohasidagi davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida sobiq O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilganidan xabaringiz bor. 

Ushbu agentlik tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatini muvofiqlashtirish, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xorijiy media kompaniyalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, chet el veb-resurslari va saytlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratish, bir so‘z bilan aytganda, axborot maydonidagi fikrlar xilma-xilligini ta'minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda», deyiladi tabrik matnida.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi 1 fevraldan boshlab Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirilib, endi Prezident Administratsiya tarkibidagi tuzilma bo‘lgan, uning direktori (Komil Allamjonov) lavozimi esa davlat rahbari maslahatchisining birinchi o‘rinbosarligiga tenglashtirilgandi.

Shu yilning 5 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasining PR-markaz funksiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Idoralararo ishchi guruhini tuzish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilgan.

Quyidagilar Idoralararo ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilangan:

  • Agentlik tomonidan PR-faoliyatni tashkil etishning ustuvor vazifa va yo‘nalishlarini, konseptual asoslarini ishlab chiqish, ushbu sohada samarali idoralararo muvofiqlashtirishni yo‘lga qo‘yish;
  • iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiyaga ehtiyoj va salohiyatli loyihalar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni to‘plash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish jarayonlarini va biznes-forumlar tashkil etishni PR jihatidan qo‘llab-quvvatlash uchun doimiy asosda axborot materiallarini tayyorlash;
  • mamlakatimiz investitsiya salohiyati to‘g‘risidagi axborotni to‘plash va tahlil qilish, istiqbolli investitsiya takliflari ro‘yxatini, xorijiy investorlar uchun zarur taqdimot materiallarini tayyorlash uchun ma'lumotlarni shakllantirish bo‘yicha tadbirkorlik sub'yektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish;
  • jahon axborot makonida O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish va ilgari surish, mamlakatning investitsiya muhiti va turistik salohiyatini targ‘ib etish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish.

Mavzuga oid