Samarqandning tarixiy hududida ko‘p qavatli binolar qurilishi rejalashtirilmoqda. «Yuksalish» harakati munosabat bildirdi
«Yuksalish» harakati Samarqandning YuNeSKO himoyasidagi tarixiy qismida rejalashtirilayotgan qurilish va ta'mirlash ishlari yuzasidan munosabat bildirdi.
«Shu kunlarda internet tarmog‘ida Samarqand shahrining tarixiy qismi YuNeSKOning butunjahon merosi ro‘yxatidan o‘chirilishi mumkinligi haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bunga esa shaharning tarixiy markazida barpo etilayotgan ko‘p qavatli yangi binolar madaniy qiymatga ega tarixiy obidalarga zarar yetkazayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.
Shu munosabat bilan, «Yuksalish» umummilliy harakati vakillari masalani yaqindan o‘rganish maqsadida 28 iyun kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi. Qurilish ishlari amalga oshirilishi belgilangan hududda viloyat hokimligi vakillari bilan uchrashuv tashkil etilib, rejalashtirilayotgan bino loyihalari ko‘zdan kechirildi.
Jumladan, YuNeSKOning Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi arafasida tayyorlangan hisobotida ko‘rsatilgan tarixiy obektlar, jumladan shaharning tarixiy qismiga tutash hududlar — Namozgoh jome masjidi atrofi, Ibn Sino ko‘chasi bo‘ylab binolar, «Registon Plaza» mehmonxonasi, «Afrosiyob» mehmonxonasi kabi qator bino va hududlar borib ko‘rildi.
Ma'lum bo‘lishicha, bugungi kunda ushbu obektlarda hech qanday qurilish va ta'mirlash ishlari boshlanmagan. Shunday bo‘lsada shahar hokimiyati tomonidan ushbu hududlarda haqiqatdan ham ko‘p qavatli yangi binolar barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Shu bilan birga, uchrashuvda hokimlik YuNeSKOning tegishli xulosasini olmasdan qurilish va ta'mirlash ishlarini boshlamasligi aytib o‘tildi.
«Yuksalish» umummilliy harakati vakillari vaziyatni o‘rganish jarayonida bu kabi tushunmovchilik mas'ullarning rejalashtirilgan qurilish va ta'mirlash ishlari haqida to‘liq ma'lumotlarni YuNeSKOga o‘z vaqtida taqdim etmaganliklari fonida yuzaga kelgan, deb hisoblaydi. Shuningdek, ushbu masala joriy yilning 30 iyun — 10 iyul kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi davomida barcha tomonlar ishtirokida muhokama qilinib, umumiy yechim ishlab chiqilishiga umid bildiradi», deyiladi harakat bayonotida.
Bundan avvalroq Kun.uz nashrida «Nahotki Samarqandni boy berib qo‘ysak: Ko‘hna shahar qurilishlar tufayli YuNeSKO ro‘yxatidan tushib qolishi mumkin» sarlavhali material e'lon qilgandi.
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
19:07 / 18.12.2024
Samarqandda avtobus piyodani urib yubordi
07:24 / 17.12.2024
Jizzax va Samarqand viloyati hokimlariga o‘rinbosarlar tayinlandi
19:08 / 16.12.2024