«Madaniyatlar chorrahasi» sifatida YuNeSKOning butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy qismi bu ro‘yxatdan o‘chirilishi mumkin. Bu haqda joriy yilning 30 iyunidan 10 iyuligacha Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi arafasida tayyorlangan hisobotda qayd etilgan.
YuNeSKO qoshidagi Butunjahon merosi markazi, IKOMOS (ICOMOS — International Council on Monumens and Sites — yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash, IKKROM (ICCROM — International Centre for the Study of the Preservation and Restoration of Cultural Property — madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi)
Shaharning tarixiy markazida barpo etilayotgan ko‘pqavatli yangi binolar madaniy qiymatga ega tarixiy binolarga zarar yetkazmoqda.
Shuningdek, 2022 yilda Samarqandda tashkillashtiriladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sessiyasi uchun barpo etiladigan yangi mehmonxonalarning joylashtirilishi, uning uchun maydonlar ajratilishi hanuz YuNeSKO bilan kelishilmagani qayd etilgan.
Butunjahon merosi markazi, IKOMOS va IKKROMning tahlili va xulosalarida turli-tuman infrastruktura va turistik obektlarning qurilishi rejasi, jumladan, ShHT-2022 sammitini o‘tkazish uchun zarur binolar va ko‘pfunksiyali «Samarqand siti» loyihasi obekt, bufer zonasi uning tashqarisida buzish va qayta rejalashtirish ishlari o‘tkazilishi ularni tashvishga solmoqda.
«Boshqaruvchi prinsiplar, bosh reja, yangilangan boshqaruv rejasi va boshqa yo‘riqnomalarni ishlab chiqishdagi pozitiv qadamlarga qaramasdan, bu ishlar yakunlangach yirik loyihalar amalga oshirilib, shahar tarixiy markazida va bufer zonasida tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarga olib kelishi va obektning OUV (Outstanding Universal Value) — bemisl universal va umumbashariy qiymatiga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin.
Bundan tashqari, bu borada amalga oshirilayotgan ayrim loyihalarda aholi turarjoylarini standartlarga to‘g‘ri kelmaslik vaji bilan qayta taqsimlash kuzatilmoqda, biroq aniq hududlar va ijtimoiy oqibatlar ko‘rsatib o‘tilmagan. Bu fakt qurilish ishlari ustidan doimiy ko‘rik va o‘rnatilgan tarzdagi nazorat yetarli tarzda amalga oshirilmagani, tizimli jarayonlarni joriy etish zaruriyati borligini ko‘rsatadi.
Taassuf bilan qayd etish lozimki, Qo‘mitaning so‘rovlariga qaramasdan, Qo‘mita va Butunjahon merosi markaziga bemisl universal va umumbashariy qiymatiga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan restavratsiya va yangi qurilish ishlari bo‘yicha qaror chiqarishdan avval bildirish jarayoniga belgilangan tarzda rioya qilinmagan.
















