Sport | 20:54 / 01.07.2019
7263
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbari bilan ikkita masala yuzasidan muzokara o‘tkazildi

Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekistonning 2030 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonligi, o‘zbek kurashining kelajakdagi istiqboli, uni butun dunyo bo‘ylab ommaviyligini yanada oshirish mavzusida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi rahbari, Osiyo Olimpiya Kengashi departament direktori Haydar Farmon va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, uchrashuvda MOQ Bosh kotibi Jasur Matchanov va Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov ham ishtirok etishgan.

Uchrashuv boshida Haydar Farmon MOQ prezidentiga Osiyo o‘yinlarining ahamiyati va o‘tkazilish tartibi haqida batafsil ma'lumot berdi.
“Avvalo, samimiy kutib olganingiz uchun rahmat. Bugun asosan 2 masalani ko‘rib chiqsak. Bular – O‘zbekistonning 2030 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonligi va kurash sportining kelajakdagi istiqboli.

Dastavval, Osiyo o‘yinlari mezbonligidan boshlasak. Shaxsan prezidentingiz mana shunday tashabbus bilan chiqayotganidan mamnunmiz. Ammo shuni unutmaslik lozimki, mezbon mamlakatlar musobaqaga xuddi Olimpiya o‘yinlariga tayyorlangandek hozirlik ko‘rishadi. Shu yerdaligimda ikkimiz uchun ham qulay muddatni belgilab olsak-da, o‘shanda men mutaxassislarim bilan yana kelaman va katta doirada suhbat olib boramiz.

Kurashni yanada ommalashtirish bo‘yicha ham bir qator loyihalarimiz bor. Bularni sizga birma-bir taqdim etaman”, – dedi Haydar Farmon.

O‘z navbatida MOQ rahbari ham faxriy mehmonga o‘z rejalari xususida gapirib berdi.

“Avvalo, tashrif uchun sizga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Aytib o‘tganingizdek, Osiyo o‘yinlariga mezbonlik bo‘yicha shaxsan yurtboshimiz tashabbusi ostida dastlabki ishlar olib borilmoqda. Osiyo o‘yinlarining mezbonligi borasida qilishimiz kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Biz bu musobaqa uchun jahondagi eng zamonaviy sport obektlarini qurishimiz lozim. Zero, ular keyinchalik yosh avlodimizga xizmat qiladi.

Ushbu tashrifingiz haqiqatdan ham juda qisqa. Aytganingizdek, yaqin vaqt ichida mutaxassislar bilan tashrif buyursangiz, har qanday savollarga javob olishimiz mumkin bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, tegishli tashkilotlar bilan tayyorgarlikning birinchi bosqichini boshlab yuborganmiz va bu bo‘yicha hukumatimiz bizni qo‘llab-quvvatlamoqda”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.

Tomonlar suhbat davomida yana bir qator istiqbolli rejalar xususida fikr almashishdi. Uchrashuv yakuniga yetgach, mehmonga MOQning esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

Mavzuga oid