Tarixiy haqiqat izidan: Shahrisabzdagi «Malik Ashtar» obidasi haqida nimalar ma'lum?
O‘zbekiston tarixiy obidalar yurti desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tarix chig‘iriqlaridan o‘tgan bu osori atiqalar millat o‘tmishidan so‘zlaydi. Ular o‘z bag‘riga olgan har bir naqsh, har bir g‘isht, har bir yog‘och sizni o‘z davriga yetaklaydi. Tarixiy obidalar O‘zbekistondagi istalgan hududda topiladi. Ularning har birida o‘ziga xos sir, o‘ziga xos tarix yashirin. Quyida so‘zlamoqchi bo‘lganimiz tarixiy obidalardan biri Shahrisabz shahrida joylashgan. Ming afsus bilan aytish kerakki, u haqida juda ko‘p ma'lumot mavjud emas. Bu “Malik Ashtar” masjididir.
Shahrisabzliklar tilida “Malik Ajdar”ga aylanib ketgan “Malik Ashtar” masjidining nomi arabcha “Moliki ushtur” so‘zidan kelib chiqqanligi aytiladi. Buning ma'nosi “Tuyador” bo‘lib, ya'ni masjid, savdo karvonlarida qatnaydigan ko‘plab tuyalarga ega bo‘lgan boy tomonidan qurdirilgan. Chamasi, masjid qurilmasdan avval bu hududda VIII — X asrlarda ziyorat qilinadigan qadimiy dafina-qabr joylashgan bo‘lishi mumkin.
Hozirda “Malik Ashtar” masjidi hovli atrofi bo‘ylab joylashgan masjid va hujralardan tashkil topgan inshootlar majmuasidan iborat. Ularning eng ahamiyatlisi xonaqo bo‘lib, gumbazi yaqin-atrofdagi uylarning tomlaridan balandroq. Me'moriy yechimi mahalla masjidlariga xos. Masjid binosi XIX asr oxiriga kelib to‘la shakllangan.
Ayrim tarixiy manbalarda “Malik Ashtar”ning masjid bilan birga, karvonsaroy bo‘lgani qayd etib o‘tilgan. Buni masjid xonaqosi bilan tutash mayda hujralardan ham bilish mumkin. Ular soni yigirmadan oshadi. Qolaversa, masjid hovlisida qadimiy supalar ham mavjud.
Malik Ashtar masjidi YuNeSKOning “Umumjahon merosi” ro‘yxatiga kiritilgan Shahrisabzdagi 19 ta yodgorlikdan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda jome' masjidi sifatida foydalaniladi.
Mamlakatimizdagi tarixchi olimlar “Malik Ashtar” yodgorligini o‘rganishsa, ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biz “Tarixiy haqiqat izidan” rukni orqali e'lon qilayotgan turkum materiallar orqali tarixchilar, yosh olimlar va qiziquvchilarni mavzu bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishga chorlab qolamiz.
Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi
Mavzuga oid
08:54 / 12.09.2024
Shahrisabz aeroporti fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi
08:30 / 27.07.2024
Iste’molga yaroqsiz yog‘ mahsulotlarini ishlab chiqarish holati fosh etildi
15:10 / 25.07.2024
Toshkentda Lacetti’ning beton ustunga urilishi oqibatida 2 kishi halok bo‘ldi
08:16 / 05.06.2024