Ekoqo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi: «Ekologiya masalasida mahalliy hokimiyat vakolatlarini yo‘qotish kerak»
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi huzuridagi jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda respublikadagi yirik sanoat korxonalarining atrof-muhitga yetkazayotgan zarari xususida monitoring natijalari tahlil qilindi.
Kengash muhokamasida ta'kidlanishicha,mahalliy hokimliklarning aralashuvi sababli Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ba'zi vakolatlari amalga oshmayapti.
«Tuzilmaviy jihatdan joylarda ekologiya qo‘mitasi bilan bir qatorda mahalliy hokimiyat ham xo‘jayin. Qachonki biz bu sohada hokimliklarning ta'sirini yo‘q qilsak, qo‘mita o‘z so‘zini bemalol ayta oladi.
Misol uchun, qo‘mita zavodga atmosfera havosi, suv, tuproq bo‘yicha tegishli normalarni belgilagani, talab qo‘ygani bilan, u yoqda o‘zining hokimi aytadi: men xo‘jayinman, men hokimman, mening aytganim bo‘ladi, foydani o‘yla, deydi. Korxona esa o‘z-o‘zidan hokimga quloq soladi.
Atrof-muhit himoyasi masalasida Ekologiya qo‘mitasining nazoratchilik funksiyasini mustahkamlash, vakolati bo‘lmagan organlarning ta'sirini yo‘qotish muhim. Shundagina undan biz nimadir talab qila olamiz. Tegishli tashkilotlar, hokimiyatning aralashuvini bartaraf etish kerak, ular faqat qo‘mita so‘rovi bilan ishlashi lozim» , ─ deyiladi muhokamada.
Muhokama davomida tuzilmaviy jihatdan qo‘mitani to‘g‘ridan to‘g‘ri Prezidentga bo‘ysunadigan tartibga o‘tkazish, ekologik masalalarni davlat rahbarining ko‘rsatmasi orqali hal qilish taklif etildi.
Jamoatchilik kengashi raisi Yusufjon Shodimetovning bayon qilishicha, qo‘mita faoliyatidagi ba'zi kamchiliklarga sub'yektivizm, tortinchoqlik sabab bo‘lyapti.
«Qonunning kuchidan foydalana olishmayapti, o‘z o‘rnida ishlatishmayapti. Nega kimyo , avto sanoatning, gegemonlarning raislari ekologiya qo‘mitasiga kelib o‘tirmaydi, hisobot bermaydi? Korxonalar iqtisodiy rivojlanishni o‘ylaydi. Ularning ekologiya bilan ishi yo‘q» , ─ deydi u.
Ma'lumot uchun, ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga doir O‘zbekiston Respublikasining 30dan ortiq qonunlari va normativ hujjatlari mavjud.
Mavzuga oid
18:18 / 12.11.2024
Jahonda 10 yil davomidagi tabiiy ofatlardan ko‘rilgan zarar 2 trillion dollardan oshdi
16:17 / 07.11.2024
“Toshkent shahri atrofidagi issiqxonalarning 60 foizi ko‘mir, rezina shinalar yoqyapti” – Ekologik partiya
23:00 / 04.11.2024
“Afsus, vijdon issiqxonada o‘smaydi" - Sherzodxon Qudratxo‘janing posti e’tirozlarga sabab bo‘ldi
10:56 / 03.11.2024