Jahon | 23:39 / 08.07.2019
8103
2 daqiqa o‘qiladi

Apple hamasoschisi Facebook’dan voz kechishga chaqirdi

Foto: Anindito Mukherjee / Bloomberg

Apple hamasoschisi Stiv Voznyak barchaga o‘z ma'lumotlarining sir saqlanishi uchun Facebook ijtimoiy tarmog‘idan voz kechishni tavsiya qilmoqda. Uning ta'kidlashicha, ba'zi odamlar Facebook’ni qo‘llash beradigan ma'lum ustunliklar evaziga o‘z ma'lumotlarini yo‘qotishdan qo‘rqmaydilar. “Biroq menga o‘xshash odamlarga, umuman aksariyat odamlarga maslahatim shuki, siz Facebook’dan xalos bo‘lishning yo‘lini topishingiz lozim”, deb aytgan Voznyak.

U yirik texnologik kompaniyalar foydalanuvchilarning shaxsiy hayotiga kirib borayotganidan xavotir bildirgan. “Endi ular lazerlar yordamida yuragingiz urishini o‘lchashlari, ko‘plab qurilmalar yordamida sizni tinglashlari mumkin. Kim biladi, balki mening telefonim ham hozirning o‘zida tinglanayotgan bo‘lishi mumkindir”, deb qo‘shimcha qilgan Voznyak.

“Shu sababli men xavotirlanmoqdaman, chunki barchamizda sir bo‘lib qolishi, birov eshitmasligi kerak bo‘lgan suhbatlar bor”, deb aytgan Voznyak va uning ma'lumotlari maxfiy bo‘lib qolishi va reklama beruvchilar qo‘liga tushmasligi uchun ma'lum haq to‘lashga tayyorligini bildirgan.

2018 yil aprelda Voznyak Apple bosh direktori Tim Kuk va WhatsApp hamasoschisi Brayan Ektonga Facebook’ning boykot qilinishida qo‘shilgan. Bunga esa ijtimoiy tarmoqdan ma'lumotlar sizib chiqishi bilan bog‘liq mojaro sabab bo‘lgan. Facebook AQShda 2016 yildagi prezident saylovlari natijalariga ta'sir qilish uchun 50 mln foydalanuvchining shaxsiy ma'lumotlarini qo‘llashda ayblangandi.

Mavzuga oid