Jamiyat | 19:55 / 08.07.2019
19159
6 daqiqa o‘qiladi

«O‘yindan o‘t chiqdi» yoxud zamona yoshlari Gerostratga havasmandmi?

Xalqimizda «o‘yindan o‘t chiqadi» degan dono naql bor. So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda «obunachi» yig‘ib, mashhurlikka erishmoqchi va buning ortidan daromad orttirmoqchi bo‘lgan «ishbilarmon» yoshlar paydo bo‘ldi. Achinarlisi, ularning mashhurlikka erishish uchun tanlagan yo‘lni (yoki usuli) na aql, na fikr na mantiq tarozisi bilan o‘lchab bo‘lmaydi. Qisqacha aytganda, aqlga sig‘maydi - kurakda turmaydi.

«Prank» videolar (tarmoq hazili) insonning ichki dunyosi, u yashayotgan tarbiyaviy muhitni ifoda etadi. Demak, mamlakat yoshlarining qilayotgan ishlaridan, ulardagi tarbiyaviy muhitga baho bersak ham bo‘ladi.

Shu yilning 25 may kuni Toshkent metrosida litsey bitiruvchilari bo‘lgan uch nafar o‘smir pirotexnika buyumlari bilan mayda bezorilik sodir qilgan edi. Ular «prank» video tayyorlab, internetga joylash orqali sahifa a'zolari sonini ko‘paytirish va pul ishlash maqsadida metro poyezdi «Bodomzor» bekatiga kelib to‘xtaganida petardalar solingan sumkaga o‘t qo‘yib, holatni videoga olishgan va sumkani tashlab qochishgan edi. Vagondagi olov tezda bartaraf etilgan, bezorilarga esa qonun doirasida chora ko‘rilgandi.

Iyun oyida telegramda tanasini alanga qoplagan yigit ko‘prikdan o‘zini suvga otgani aks etgan video tarqalgandi. Ma'lum bo‘lishicha, Urganchda yoshlar o‘rtasidagi bahsdan so‘ng yigitlardan biriga benzin quyib, yoqib yuborilgan, u o‘zini suvga otgan.

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan aniqlanishicha, videoda ishtirok etgan to‘rt yigit ham Xorazm viloyatida yashaydi, ulardan biri 1992 yilda, qolgan uch nafari esa 1999 yilda tug‘ilgan. Videoda qayd etilgan holat 18 iyun kuni Urganch shahridan oqib o‘tuvchi Shovot kanali ustidagi piyodalar o‘tish ko‘prigida sodir bo‘lgan.

Tanasida yonib turgan olov bilan suvga sakragan shaxs 19 iyun kuni shifoxonaga murojaat qilgan, unga «olovdan chap qo‘l yelka, bo‘yin, ikkala kurak va bel sohalari I-II-IIIA darajali termik kuyish. S-20%. Kuyish kasalligi, kuyish shoki o‘rta og‘ir darajasi» tashxisi qo‘yilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Urganch shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

5 iyul kuni esa internetda Samarqandda tibbiy niqob kiygan o‘spirin yigit bekatda tramvayga yugurib kirib, yo‘lovchilarning yuziga noma'lum suyuqlik sepib qochib ketgani aks etgan video xabar tarqaldi. Videoda tramvay yo‘lovchilari vahimaga tushib, tramvaydan yugurib tushib ketgani tasvirlangan, dastlabki xabarlarda tramvay ichidagilarning bir necha nafari hushini yo‘qotgani aytilgandi.

Keyinroq bu holat bir necha o‘smir tomonidan sahnalashtirilgani, tramvay ichidagilar ma'lum bo‘ldi.

Surishtiruv ishlari jarayonida ma'lum bo‘lishicha, mazkur videoni S.M. o‘zining iPhone rusumli mobil telefoni orqali internet tarmoqlariga tarqatib, ijtimoiy tarmoqlarda «prank» qilmoqchi bo‘lgani aniqlangan.

Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, voqea 2019 yil 4 iyul kuni sodir bo‘lgan. Soat 19:40 atrofida Samarqand shahridagi 1-tramvay yo‘nalishining choy fabrikasi bekatida 2003 yilda tug‘ilgan, Samarqand shahridagi 33-umumta'lim maktabi 8-sinf o‘quvchisi yo‘lovchilarning yuziga noma'lum suyuqlik sepib qochgan. Aslida uning qo‘lidagi  havoni tozalovchi vosita bo‘lgan, tramvay ichida go‘yoki hushdan ketib yiqilgan bolalar esa avvaldan rejalashtirilganidek aktyorlik qilishgan.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida barcha ishtirokchilar maktab o‘quvchilari ekani aniqlangan. 7, 8, 9 va 11 sinf o‘quvchilari bo‘lgan bu bolalar videoni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatgan.

Samarqand viloyat xalq ta'limi boshqarmasi ushbu voqea yuzasidan munosabat bildirgan. «Holat yozgi ta'til davrida sodir bo‘lgani uchun maktablar ma'muriyatiga chora ko‘rilmagan bo‘lib bu davrda mas'uliyat ota-onalarning zimmasida hisoblanadi», deyiladi bu munosabatda.

O‘quvchilar hammadan uzr so‘rashgan.

Bu voqeaga aloqador o‘quvchilarga psixologlar biriktirilgan.

Ushbu voyaga yetmagan yoshlarning qilmishi yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Bular oddiy «prank»mi? Hayot faqat o‘yin-kulgidan iboratmi?

Kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan afzal emasmi? Yuqoridagi kabi noxush holatlar xulosa chiqarish uchun bir signal vazifasini o‘tab berdi. Shu o‘rinda ota-onalarga ham iltimos bor. Farzand sizniki. U dunyoga kelishiga sababchi bo‘ldingizmi, endi o‘z vazifangizni oxirigacha yetkazib qo‘ying. Ularning yurish-turishi, tarbiyasi, axloqiga siz javobgarsiz. Farzandingizga yaxshi niyatda olib bergan telefoningiz faqat yaxshilikka xizmat qilishini nazoratga oling.

Xulosa o‘rnida yoshlarga ham aytar gapimiz bor. Mashhurlikka erishish uchun Qadimgi Yunonistonda mashhur bo‘lish orzusida ibodatxonaga o‘t qo‘ygan Gerostrat tutgan yo‘lni tanlamang. O‘yindan o‘t chiqib nafaqat o‘zingizga, ota-onangizga balki yaqinlaringizga, umuman barchaga jabr qilmang.

Mavzuga oid