O‘zbekiston | 21:00 / 08.07.2019
15457
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident Mustaqillikning 28 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi

O‘zbekiston Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori e'lon qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasining tarkibi tasdiqlandi.

Respublika komissiyasi bir hafta muddatda “Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqadi.

Ushbu dasturda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, shuningdek, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” davlat dasturi, “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Besh ijobiy tashabbus” kabi muhim dastur va rejalar doirasida olib borilayotgan tub islohotlarning ma'no-mazmuni va ruhi mujassam etilishiga alohida e'tibor qaratiladi.

“Ayniqsa, oxirgi yillarda siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy munosabatlarning mazmun-mohiyati, jamiyatimiz qiyofasi butunlay o‘zgargani, bu ijobiy o‘zgarishlar yurtdoshlarimiz hayotida o‘z ifodasini topayotgani, xalqimizning turmush darajasini, ongu tafakkuri, bilim va madaniyatini oshirish bo‘yicha qilingan ishlarni konkret dalil va misollar, chuqur ilmiy tahlillar va ekspertlik baholari orqali mamlakatimiz va xalqaro jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyatga egadir”, deyiladi hujjatda.

Respublika komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab aholining keng qatlamlari o‘rtasida ma'rifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular bo‘yicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali o‘tkazish maqsadida taniqli olimlar, ijodkor ziyolilar va san'atkorlardan iborat targ‘ibot guruhlari tashkil etiladi hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishi ta'minlanadi.  

Bu tadbirlarni tashkil etishda mamlakatimizni modernizatsiya qilish, turli soha va tarmoqlarni liberallashtirish borasida qo‘lga kiritilgan yutuq va natijalar bu yo‘ldagi dastlabki qadamlar ekanini ta'kidlagan holda, balandparvozlik, rasmiyatchilik va yuzakilik holatlariga yo‘l qo‘ymasdan, xolislik va haqqoniylik tamoyillari asosida ish olib borishga alohida e'tibor qaratilishi belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘tkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar bo‘yicha yuksak mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenarist va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste'dodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik san'ati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etiladi.

Madaniyat vazirligi Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etadigan eng yaxshi qo‘shiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichini o‘tkazadi.

Tanlov g‘oliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida e'lon qilinadi va taqdirlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulug‘, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi an'anaviy ko‘rik-tanlovlarni yuqori darajada o‘tkazishni ta'minlaydi.

O‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mahalliy budjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanishi belgilab qo‘yildi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid