21:46 / 09.07.2019
23159

«Hokimga mahalla raisini bo‘shatishga kim huquq berdi?» - Prezident farmoni ijrosi yuzasidan brifing o‘tkazildi

Bugun, 9 iyul kuni prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunakatsiyalari agentligida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 aprelda qabul qilingan «Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeyini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni ijrosi yuzasidan brifing o‘tkazildi.

Unda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov, kengash ijro apparati xodimlari, fuqarolar yig‘inlari raislari va jurnalistlar ishtirok etishdi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilda bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasiga ko‘ra, 9093ta mahallaga raislar saylangan va ularning 60 foizidan ortig‘i yangi raislardir. Ularning 11,6 foizi yoki 1025 nafari ayollar. Raislar orasida sobiq pedagoglar ko‘pchilikni tashkil qilgani holda pensiyaga chiqqan huquqni muhofaza qilish xizmatlari xodimlari ham anchagina (17 foiz).

Sohada 22 ming nafardan ortiq xodim doimiy asosda maosh olib ishlayotgan bo‘lsa, 2,5 mln nafardan ortiq ko‘ngillilar jamoatchilik asosida ishlaydi.

Respublika kengashi boshqaruvi raisi Shavkat Javlonov hududlarda mahalliy hokimliklarda hamon mahalla raislari va faollari o‘zlariga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb qilish holatlari ko‘pligini ta'kidladi.

Holbuki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) kengashlari hamda fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash, shuningdek fuqarolar yig‘inlari balansida bo‘lgan binolarni boshqa shaxslarga biriktirish yoki asossiz ravishda olib qo‘yish taqiqlanadi.

«Oddiy misolga e'tibor bering, Andijondagi bir mahalla raisi malaka oshirish uchun Toshkentga chaqirilgan. Rais o‘qishda payti tuman hokimi uni noqonuniy ravishda bo‘shatib, o‘rniga boshqa hududdan bir kishini rais qilib tayinlayapti. Axir rais tayinlanmaydi, saylanadi. Uni saylashning o‘z tartibi bor. Hokimga bunday qilishga kim huquq berdi? Amaldagi qonunni buzishga hech kimning haqqi yo‘q», deya misol keltirdi Shavkat Javlonov.

Yuqoridagi farmondagi eng muhim yangiliklardan biri bu fuqarolar yig‘inlari raislari va mas'ul kotiblari oylik ish haqi fondining joriy yilda 1,5 baravarga oshirilishi bo‘ldi.

Fuqarolar yig‘inlari, ularning xodimlari va jamoatchilik asosida faoliyat yuritayotgan shaxslar faoliyatini reyting baholash mezonlari asosida rag‘batlantirish tartibi ishlab chiqildi.

Joriy yil 6 oyi davomida 309ta fuqarolar yig‘ini binosi ta'mirlandi, 89tasi rekonstruksiya qilindi, 146tasi yangi qurildi, 79ta «Mahalla markazlari» barpo etildi.

Top