Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Nobelga da'vogar yosh kimyogarlar: o‘zbek vunderkindlari Xalqaro Nobel Kongressida ma'ruza qiladi
Siz Mendeleyevning kimyoviy elementlar jadvalini yoddan bilasizmi? Dunyodagi eng qimmatbaho element oltin va platina emasligini-chi? Ilm sohiblari uchun eng yuksak mukofot bo‘lgan Nobel laureatlari faoliyati bilan tanishmisiz? Ular fandagi qaysi ishlari uchun mukofotga loyiq topilgan?
Hamma qatori maktabda ham, kollej/litseyda ham kimyo fanini o‘qigan, axborot iste'molchisi bo‘lgan har kim yuqoridagi savollarga javob topishi qiyin. Bu borada Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 210-sonli maktab o‘quvchisi 8 yashar Zafarjon Qo‘chqorov va uning 6 yoshli singlisi Zeboxon Qo‘chqorovada aniq javoblar bor.
Ular noyob iste'dod va hayratlanarli darajada kuchli xotira sohiblari. Gap shundaki, Zafarjon uch daqiqa ichida Mendeleyev kimyoviy elementlar jadvalini aniq tartibda yoddan aytib bera oladi. Zeboxon esa hozirgacha kimyo fani bo‘yicha Nobelga loyiq ko‘rilgan 172 nafar olimning ism-sharifi va kashfiyotini nomma-nom aytib bera oladi. Ularning bu qobiliyatiga ishonch hosil qilish maqsadida suhbatga tortdik.
Video: Youtube
Video: Mover (tas-ix)
Zafarjon 4 yoshidan boshlab kimyoviy elementlar jadvalini o‘rganishni boshlagan.
«Oyijonim menga atrofimizdagi barcha narsalar kimyoviy elementlardan tashkil topganini aytdilar. Bu mening kimyoga bo‘lgan qiziqishimni yana ham oshirdi», – deydi u.

Hali juda yosh bo‘lishiga qaramay, uning kimyo bo‘yicha mulohazalarini eshitib, hayratlanmaslikning iloji yo‘q.
«Dunyodagi eng qimmatbaho elementlar ko‘pchilik o‘ylagandek oltin yoki platina emas. Bu kaliforniy va osmiy. Jahon bozorida kaliforniyning bir grammi 10 mln AQSh dollariga teng. Bu qimmatbaho metall Amerikada va Rossiyada laboratoriya usulida sun'iy olinadi. U tibbiyot, yadro fizikasi, samolyot ishlab chiqarish, oltin va kumush zaxiralarini izlab topishda foydalaniladi. Ikkinchi qimmatbaho element esa osmiy. Uning bir grammi 10 ming yevroga teng. Bizga qo‘shni bo‘lgan Qozog‘iston osmiy qazib oluvchi va sotuvchi yagona davlat hisoblanadi. Men o‘ylab qoldim: Qozog‘iston va O‘zbekistonning yer osti geologiyasi juda o‘xshash. Shuning uchun O‘zbekistonda ham osmiy izlab ko‘rish kerak» .
Hali maktabga ham chiqmagan olti yoshli Zeboxon esa uch yoshidanoq akasining yordami bilan kimyo olamiga kirib borgan.
«Menga nobelchi olimlardan Mariya Sklodovskaya-Kyuri juda yoqadi. Chunki u ikkita yangi element: radiy va poloniyni kashf etgan. Ikki marta ─ fizika va kimyodan Nobel mukofotini olgan. Men ham katta bo‘lsam, Kyuriga o‘xshagan mashhur kimyogar olima bo‘laman», ─ deydi jajji olima.

Eng e'tiborlisi shundaki, aka-singillar 2019 yil Rossiyada bo‘lib o‘tadigan Xalqaro Nobel Kongressiga taklif qilingan. Aprel oyida Toshkent shahriga maxsus tashrif bilan kelgan Xalqaro Nobel markazining Prezidenti, Nobel medali sovrindori, akademik Vyacheslav Tyutyunnik ularning kimyo bo‘yicha bilimlarini imtihon qildi va iste'dodini e'tirof etdi. Bu e'tirofning samarasi o‘laroq, Zafarjon va Zeboxonni Kongressga shaxsan taklif qildi, ularga ma'ruza qilish imkoniyatini ham berdi.
«Vyacheslav Tyutyunnik menga «ilgari barcha nobelchilarni biladigan odam faqat men edim, endi ikkita bo‘libmiz. Biron kishi mendan laureatlar haqida so‘rasa, O‘zbekistondagi olti yashar qizaloqdan so‘ranglar, deb aytaman», dedilar. Men bundan juda ham xursand bo‘ldim», ─ deydi Zeboxon.
Yosh kimyogarlar o‘zlarining kelajakdagi orzu va rejalari haqida gapirib berishdi. Zafarjon hozirdanoq o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ygan. U O‘zbekistonda kremniy zavodini qurmoqchi. Buning boisi bilan qiziqdik.
«Kremniy zavodi o‘zimizda qurilsa, unda quyosh panellarini yasab, odamlarga arzon narxda sotish mumkin bo‘ladi. Shunda hamma o‘z uyiga quyosh batareyalarini o‘rnatadi. Chunki O‘zbekistonda yil davomida quyosh charaqlab turadi», ─ deydi u bilimdonlik bilan.
Lekin bu hali hammasi emas. «Men kelajakda katta kimyogar bo‘laman, yangi kimyoviy element kashf etaman, Nobel mukofotini qo‘lga kiritaman», ─ deydi u. Zafarjon hatto nobelchi olimlar bilan munozaraga kirishishga ham tayyor ko‘rinadi. «Men Kongressda yaponiyalik Nobel sovrindorlari bilan suhbatlashmoqchiman. Chunki Mendeleyev kimyoviy elementlar jadvaliga ular kiritgan elementlarning atom massasi mavjud emas. Bu meni o‘ylantirib qo‘ydi. Har bir elementning, u laboratoriya sharoitida olingan bo‘lsa ham atom massasi berilgan bo‘lishi kerak», ─ deya ta'kidladi u.
Zeboxon esa Kongressda Alfred Nobelning oila a'zolari va barcha Nobel sovrindorlari bilan uchrashib, suhbatlashish istagida.
«Men o‘zim yod olgan har bir Nobel laureatini yaxshi ko‘raman. Ular mening yuragimda», ─ deydi bolalarcha beg‘uborlik bilan yosh olima.
Mazkur videoda aka-singil kimyogarlarning noyob iqtidoriga o‘zingiz guvoh bo‘lishingiz mumkin.
O‘zbeklar uchun 9 tonnali palov va 5 tonnali sumalak tayyorlash Ginnes rekordlar kitobiga kirishning yagona yo‘li emas. Noyob iste'dod, ilmga muhabbat va izchil mehnatni o‘zida jamlagan Zafarjon va Zeboxon kabi vunderkindlar bilan ham dunyoni hayratga solish, Ginnes Rekordlar kitobini pazandalik bilan emas, yuqori intellektual salohiyat orqali zabt etish mumkin. Faqat bunday iste'dodlarni o‘z vaqtida payqash, rivojlantirish, o‘zini to‘laqonli namoyish etishi uchun kerakli barcha sharoitlarni yaratib berish kerak. Modomiki bu bolalar erta yoshidanoq kimyoga bu qadar mehr qo‘ygan ekan, to‘g‘ri yo‘naltirib, qobiliyati sayqallansa, yaqin kelajakda o‘zbeklardan ham Nobel laureatlari chiqishi hech gap emas.
Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.