O‘zbekiston | 19:20 / 12.07.2019
17042
3 daqiqa o‘qiladi

«Nega o‘zbekistonliklar mahsulotlarni qimmatga sotib olishi kerak?» - Deputat bojxona to‘lovlari stavkalarining yuqoriligini ta'kidlab o‘tdi

Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan anjumanda qo‘mita a'zosi Ulug‘bek Sotiboldiyev O‘zbekistonda boj stavkalarining yuqoriligini aytib o‘tdi.

«Qo‘shni davlatlarda bizga nisbatan boj va soliq yuki yengil bo‘lgani sababli mahsulotlarning qo‘shilgan qiymati va soliq to‘lovlari ularda qolgan holda kirib kelyapti. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: nega O‘zbekiston aholisi qo‘shni davlat fuqarolaridan ko‘ra mahsulotlarni qimmatga sotib olishi kerak? Oxirgi paytlarda fuqarolar qo‘shni davlatlar mahsulotlarini iste'mol qilishga qiziqishi ortib borayotgani bejizga emas, chunki ichki bozorimizda keng tanlov yo‘q. Erkaklar va bolalar kiyimlari ishlab chiqarish rivojlangan, ammo ayollar liboslariga kelganda xomashyo va aksessuarlar yetishmaydi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita a'zosi Ulug‘bek Sotiboldiyev to‘qimachilik sohasida Qirg‘iziston tajribasini misol qilib keltirdi. Unga ko‘ra, qo‘shni mamlakatda boj yuki yengil. Tovar ishlab chiqarishga xomashyo yetarli. Avvaliga Qirg‘iziston bozorlarida chetdan kelgan mahsulotlar sotila boshlandi. Keyin sekin-astalik bilan mahalliy sharoitda to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarila boshlandi. Bugungi kunga kelib tanlov kengaydi va tijorat gullab-yashnayapti.

Sotvoldiyev eksportga chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisobi yuritilayotgani, lekin ichki bozordagi mahsulotlar savdosi yashirin yo‘l bilan amalga oshayotganini tanqid qildi. Uning aytishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotish nazoratsiz. Bunda yashirin iqtisodiyot sharoiti yaratilishi uchun imkoniyat ham, joziba ham yuqori. Ko‘chmas mulklar qurilishi va sotilishida ham shu ahvol. Mamlakatda ishlab chiqarilayotgan boshqa mahsulotlar ham yashirin iqtisodiyot omilidir.

Bunda sal avvalroq Davlat bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonda undiriladigan boj stavkalarining o‘rtacha qiymati bo‘yicha izoh bergan edi.

Mavzuga oid