O‘zbekiston | 20:57 / 12.07.2019
4135
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda poliyetilen paketlardan foydalanish 20 foizga kamaygani ma'lum qilindi

“Prezident qaroriga muvofiq, joriy yilning 1 yanvaridan polimer plyonkadan tayyorlangan plastik paketlarni bepul tarqatish taqiqlandi. Korzinka.uz shoxobchalarida polietilen paketlarni sotish bilan bir qatorda, matodan tikilgan xaltalar ham sotuvga qo‘yilgan. Bu o‘z o‘rnida yelim xaltalardan foydalanish ko‘rsatkichi 20 foizga kamayganini ko‘rsatadi”, — deydi O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarma boshlig‘i Umarjon Abdullayev.

Yevropa mamlakatlarida yerga chiqindi tashlagani uchun 20-30 yevrogacha jarima to‘lanadi. Singapur davlatida esa, qog‘oz, sigaret qoldig‘i tashlagan fuqaro 300 dollardan 1000 dollargacha jarima to‘laydi. Mamlakatimizdagi ba'zi hududlarda ham chiqindi tashlagani uchun ma'muriy javobgarlikka tortish yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Respublikada 9 mingga yaqin ekologik reydlar o‘tkazildi. 6700 dan ko‘p ma'muriy javobgarlik aniqlanib, jarima undirildi.

Biroq shunga qaramasdan, aholi o‘rtasida chiqindini maxsus ajratilgan joylarga tashlamaslik holatlari uchrab turibdi. Bu borada Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi OAV bilan hamkorlikda ko‘rsatuvlar olinishi, roliklar yaratilishi uchun bir yillik shartnoma imzolagan.

Ma'lumot uchun, polietilen paketlari 60 yil avval paydo bo‘lgan bo‘lsa, oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramasdan, tabiiy sharoitda chirish jarayoni kuzatilmadi. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, plastik paketlarning tabiiy sharoitda chirishi 400 yilni tashkil qilar ekan.