Jamiyat | 19:17 / 13.07.2019
32626
6 daqiqa o‘qiladi

Rishtonda uyi buzilayotganlar dodi: «Yana 20 million so‘mdan berishdi. Hokimiyat uy buzishga vakil ajratgan, qurishga esa yo‘q»

Farg‘ona viloyatining Rishton tumani markazidagi buzilishlar saytimizda ko‘p marta yoritildi. Bundan ikki oy muqaddam rejalashtirilgan qayta qurish ishlari munosabati bilan Farg‘ona ko‘chasidagi aholi turar joylari va noturar joylarni buzish ishlari boshlangan.

Tuman mutasaddilari har bir buzilgan uy va bino egasiga tuman markaziga yaqin bo‘lgan joydan uy qurish uchun yer maydoni ajratilib, kompensatsiya pullari berilishini aytgan edi.

Bu orada aholi uylari va noturar joylar buzila boshlandi. Hokimiyat tomonidan berilgan yer maydonlariga uy qurishni boshlamoqchi bo‘lgan aholi uchun kompensatsiya pullarini berish esa paysalga solinmoqda.

Biroz vaqt oldin «Minor» mahallasi vakillari hokimiyat tomonidan uylari buzilayotgani oqibatida ko‘chada qolganliklari, mutasaddilar esa yangi joyda uy tiklash uchun 10 million so‘mdan kompensatsiya puli tarqatgani bo‘yicha murojaat qilishgandi.

«Baholangan pulni beringlar, deb iltimos qilyapmiz, hech natijasi bo‘lmayapti. Biz qay ahvolda qiynalayotganimiz hech kimni tashvishga solmayapti. Axir, 10 million so‘mga uch xonali uyning poydevori ham bitmaydiku?», deyilgandi murojaatda.

Uyining yarmi buzilgan xonadon sohibi Suhrob Abdullayev uyini hokimlik vakillari kechasi buldozerda buzib tashlamasligi uchun ko‘cha devoriga «Bu yerda odam yashaydi», degan yozuvni ilib qo‘ygan.

Aholi vakillaridan takror tushgan murojaatlarni o‘rganish maqsadida yana Rishtonga bordik.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

«Hokimiyat kompensatsiya pulini qachon to‘liq berar ekan? Bilib beringlar!»

Yana o‘sha «Minor» mahallasidamiz. Uylar buzilyapti, hammayoq chang-to‘zon. Yoshi ulug‘larning boshi qotgan.

«Bundan besh kun avval hokimiyat vakillari kelib, har bir uyi buzilayotgan xonadonga yana 20 million so‘mdan pul berib ketishdi. Uylarimiz hokimlik tomonidan 75 million so‘mdan 250 million so‘mgacha baholangan. «Pulni qolganini qachon to‘liq berasizlar?», desak «Uch kunda» degan javob oldik. Va'dalar bilan iyun oyini tugatib, iyulning o‘rtasiga keldik. Yoz kunlari g‘animat. Hokimiyat kompensatsiya pulini tezroq bermasa, uyni qachon bitiramiz? Qo‘shnilar o‘sha o‘ttiz million so‘mni olgandan keyin, bizga yer maydoni ajratilgan «Kulolon»da poydevor quyishni boshlashdi. U yerda suv yo‘q ekan. Qurilish suvsiz bo‘lmaydi, axir. Tsisternada suv olib kelib berishibdi. Aholi ko‘chib borishi mo‘ljallangan joyda sharoit yo‘q. Hokimiyat vakillaridan iltimos qilamiz. Rishton tumani obod bo‘lishi uchun uy-joyimiz buzilishiga ming bor rozimiz. Faqat, tezroq pulimizni berishsin. Uylarni bitirish kerak», deydi 65 yoshli Zulfiya ona Ismoilova.

Suhrob Abdullayevning uyi devorida hali ham «Bu yerda odam yashaydi» yozuvi ilingan bo‘yi turibdi. «Farzandlarni kattalari men bilan birga, yaqinda tuqqan xotinim ikki bola bilan qaynonamning uyida turishibdi. Besaranjomlik qachongacha davom etadi?», deydi u.

Hali yarmi buzilmagan uyga kirganimizda, xona o‘rtasidagi belanchakda chaqaloq uxlab yotgan ekan...

«Hokimiyat uy buzishga vakil ajratgan edi, qurishga esa yo‘q»

«Minor» mahallasi aholisi uy qurishi uchun ajratilgan «Kulolon» qishlog‘idagi «Dehqonobod» mahallasi hududiga bordik. Manzilimiz Rishton markazidan 2-3 kilometrlik yo‘l ekan.

Uch-to‘rt oila uy qurishni boshlagan. Haqiqatda oqin ariq suvi va ichimlik suvi yo‘q. Doimiy suv bo‘lmasa, qurilish qilish juda qiyin. Latifjon Eshonqulov uch xonali uyning poydevorini qurib bitkazibdi.

«Qurilish uchun suvni sisternada tashib ulgurib bo‘lmas ekan. Qo‘shnim paxsadan devor uryapti. Tasavvur qiling, loy qorish uchun qancha suv zarur bo‘ladi? Hali kompensatsiya pulimizni to‘la berishmadi. Uyimni buzishga hokimiyat tomonidan tuman «O‘simliklarni himoya qilish» tashkiloti rahbari Kamoldin aka biriktirilgan edi. O‘sha rahbar uyim tezroq buzilishi uchun rosa jon koyitgan. Qurilishni boshlab, kompensatsiya pulidan, uy qurishdagi muammolar bilan u kishiga murojaat qilsam, «Men uyingizni buzishga ma'sul edim, qurishga emas» dedi. Axir bizni tezroq mablag‘ bilan ta'minlab shart-sharoitimizga ham yordam berishsin», deydi u.

Olimjon Sotvoldiyev va Muslimbek Ahmedovda ham xuddi shu muammolar. Ular ham hokimiyatdan tezroq mablag‘ berilishini kutishmoqda. Axir, quruq yerda uy solishning o‘zi bo‘ladimi?

Tsement, armatura, g‘isht, shifer kabi asosiy qurilish materiallarining narxi juda baland. Har bir jarayon uchun usta haqi bor.

Tuman hokimligi vakillari uylarni buzish ishlarini boshlaganida xonadon sohiblariga qurilish materiallarini imtiyozli ravishda olib berishni va'da qilishgan ekan. Odamlar ularga ishongan edi. Biroq shu kungacha na puldan, na qurilish mahsulotlari va yordamdan darak bor.

Rishtondan qaytar ekanmiz, tuman hokimligi vakillariga har qanday davlat organining eng asosiy vazifasi, eng avvalo xalqni rozi qilish ekanligini yana bir eslatib o‘tmoqchimiz.

Elmurod Ermatov
tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzuga oid