O‘zbekiston | 22:25 / 14.07.2019
54410
5 daqiqa o‘qiladi

Abituriyentlar eng ko‘p hujjatni qayerda va qaysi oliy o‘quv yurti uchun qayddan o‘tkazmoqda?

Bu yil oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayoni har yilgidan o‘zgacha. Akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bilan bir qatorda, uzoq tanaffusdan so‘ng ilk marta maktabning 11-sinf o‘quvchilari ham hujjat topshirishmoqda.

Qabul jarayoniga Davlat Test Markazi ham jalb qilingan, oliy o‘quv yurtlari, davlat xizmatlari markazlarida abituriyentlarning hujjatlari DTM saytida qayddan o‘tkazilmoqda.

Sizni test jarayoniga hujjat qayd etish bilan bog‘liq ayrim fakt va raqamlar bilan tanishtiramiz.

Bu yil qayd etilishi kutilayotgan abituriyentlar soni taqriban 1 million 200 ming nafar bo‘lishi kutilmoqda. Bu esa o‘tgan yilgi natija 814 ming 952 nafardan qariyb 45 foizga ko‘proq degani. O‘tgan yilgi natija 12 iyul kuniyoq zabt etildi.

O‘tgan 2018 yilda bir kunda eng ko‘p topshirilgan hujjat 65 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, bu borada ham rekord o‘rnatildi va 9 iyul kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatlar soni 114 ming 133 ta tani tashkil etdi.

Yana bir e'tiborli jihat — Bu yil Toshkent davlat yuridik universiteti va yana 4 ta oliygoh — Farg‘ona davlat universiteti; Guliston davlat universiteti; Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Samarqand davlat universitetiga Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 24/7 rejimda hujjat qabul qilinmoqda.

Oliygohlar ichida faqat yuridik universitetning o‘zida hujjat qabul qilinmayapti.

Abituriyentlar o‘sha sanalgan 5 ta oliygohga istalgan DXA yoki boshqa oliygohlarga esa istalgan oliy o‘quv yurtidan turib hujjatni qayddan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, aksariyat o‘zi tanlagan oliygohga kelib hujjat ko‘rsatishmoqda va shu sababli yirik oliygohlarda ulkan navbatlar hosil bo‘lmoqda.

Masalan, 12 iyul soat 17:00 holatiga eng kam hujjat Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabida qayddan o‘tkazilgan — 17 ta.

Ikkinchi o‘rinda Navoiy konchilik instituti Nukus filiali turibdi — 32 ta.

Toshkent shahrida milliy rassomchilik va dizayn institutida 111 ta hujjat qabul qilingan, xolos.

Holbuki, navbatlar kuzatilayotgan Toshkent davlat pedagogik universitetida bu ko‘rsatkich 2421 tani tashkil etmoqda.

Shu kuni eng ko‘p hujjat qayddan o‘tkazilgan oliygohlar uchligi quyidagi ko‘rinishga ega:

  • Qarshi davlat universiteti — 4831 ta
  • Andijon davlat universiteti — 4737 ta
  • Urganch davlat universiteti — 4710 ta

Davlat xizmatlari markazi ichida eng kam hujjat Kogon va Tomdi tumanlarida qayddan o‘tkazilgan — atigi 1 donadan.

Termiz tumanida — 4 ta, Romitan tumanida — 5 ta, Nurafshon va Ohangaron shaharlarida — 6 tadan.

Bu borada Samarqand viloyatidagi DXMlar yetakchilik qilmoqda.

Eng ko‘p hujjat Past Darg‘om tumani Davlat xizmatlari markazida qayddan o‘tkazilgan — 3051 ta

Samarqand shahri va Payariq tumanida 2600 dan ziyod hujjatlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Oliy o‘quv yurtlariga qabul uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjatlar ro‘yxatida eng past ko‘rsatkich Toshkent kimyo texnologiya instituti Yangiyer filialida bo‘lib turibdi — 139 kishi;

Shuningdek Navoiy konchilik instituti Nukus filiali — 186, Milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi — 241 ta hujjat bilan uchlikda turibdi

Eng ko‘p hujjat Urganch davlat universitetida o‘qish uchun qayddan o‘tkazilgan — qariyb 40 ming

Keyingi o‘rinlarda 38 ming 200ni qayddan o‘tkazgan Qarshi Davlat universiteti va 37 ming 200 kishini ro‘yxatga olgan Andijon davlat universiteti bormoqda.

Hujjatlar qayddan o‘tkazilishi yakunlanishiga sanoqli kunlar qoldi. O‘ylaymizki, Davlat test markazi, Davlat xizmatlari markazlari va Oliy o‘quv yurtlari bu qizg‘in ishni muvaffaqiyatli yakunlashadi. Test sinovlarini yanada shaffof va mukammallashuvi uchun qo‘yiladigan navbatdagi xayrli qadam bo‘ladi.

Mavzuga oid