O‘zbekiston | 21:09 / 18.07.2019
19429
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar: «Yo‘l harakatiga doir qoidalarni qonun darajasida faqat deputatlar qabul qilishi lozim»

2019 yil 18 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qator muhim masalalar, xususan qoraytirilgan oynalar haqida fikrlar bildirildi.

«Bu xalqqa nisbatan qilingan diskriminatsiya. Hukumat tomonidan ish qaror qabul qilingan. Hamma biz qilgan deya qabul qilmoqda. Aslida, bu masalaning yechimi uchun qaror qabul qilishni hukumatdan olib parlamentga berish kerak. Shundagina, mexanizmi yaxshi ishlanmagan normaning yechimlari bilan shug‘ullanishimiz shart bo‘lmaydi», deydi deputat To‘lqin Abdusattorov.

Tonirovka masalasida IIV Yo‘l harakati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Erali Bozorovga ham so‘z berildi.

«O‘tgan yili bu masalada ruxsat berilishi bo‘yicha 10 mingdan ortiq fuqarolarimizdan iltimoslar kelib tushdi. Pulli bo‘lsa ham qabul qilish kerakligi aytildi. Qaror qabul qilishda jamoatchilik fikri inobatga olinib Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan edi», deydi mutasaddi.

Deputat Rasul Kusherbayev uning javobidan qoniqish hosil qilmaganini aytib, e'tiroz bildirdi.

Shuningdek, deputat Qodir Jo‘rayev chet el fuqarolarining tonirovkali mashinalariga ruxsat berish va bunga aholi tomonidan bildirilayotgan haqli e'tirozlar haqida ta'kidladi.

YHBB boshliq o‘rinbosari quyidagicha javob berdi.

«Roppa-rosa bir yil oldin Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan. Shu qarorda topshiriq berilgan. Davlat bojxona qo‘mitasi, Moliya vazirligi, DXX, IIV hamkorlikda xorijiy davlatlarning tusi o‘zgartirilgan avtotransport vositalarining O‘zbekistonga vaqtincha kiritilishi, tranzit harakatlari uchun majburiy yig‘imlar yig‘ish tartibi ishlab chiqilsin va tasdiqlansin deyilgan. Bunday hujjat tasdiqlandi va Adliya vazirligidan tasdiqdan o‘tkazildi. Bizning davlat hududiga kirganda tegishli yig‘im to‘lanadi», deydi u.

Deputat Rasul Kusherbayev tonirovka masalasi aholini boy va kambag‘alga ajratayotgani sababli yo‘l harakati qoidalari qonun darajasida, faqat deputatlar tomonidan tasdiqlanishi va u buni ma'qullashini ta'kidladi.  

Yig‘ilishda qatnashgan deputatlarning ko‘pchiligi uning so‘zlarini ma'qullashdi. Shu qatorda, termal plyonkali oynalar tashabbusini olib chiqqan deputat Umid Sulaymonov ham taklifni quvvatladi.

«Qonun darajasida qabul qilingani yaxshi, biroq biz hozirdan boshlasak ham jarayon keyingi yil bahorgacha davom etadi. Biz hozir zudlik bilan biror chora ko‘rishimiz kerak. Yurtda anomal issiq davom etmoqda», deydi u.

Mavzuga oid