O‘zbekiston | 19:00 / 18.07.2019
20543
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand viloyatida Qoradaryo uzra o‘tuvchi muhim transport ko‘prigi cho‘kdi

Foto: zarnews.uz

M37 — «Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi» avtomobil yo‘lining boshlanishidagi Qoradaryo daryosi ustidan o‘tgan ko‘prik biroz og‘ib, bir qismi cho‘kkan. Shundan buyon ko‘prikning yarmida transport vositalarining harakati cheklab qo‘yilgan. Talofatlar qayd qilinmagan bo‘lsa-da, ko‘prik nima sababdan cho‘kkan? Harakat qachongacha ko‘prikning yarmida davom ettiriladi?

Shu kabi savollarga oydinlik kiritish uchun Kun.uz muxbiri Samarqand muntazam yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga murojaat qildi.

Ma'lum qilinishicha, xalqaro magistral hisoblanuvchi M37 — «Samarqand – Buxoro – Turkmanboshi» avtomobil yo‘lining 6-kilometridagi ushbu ko‘prik 1970 yilda qurilgan.

Joriy yilning 17 iyunidan daryo o‘zanidagi suv sathi ko‘tarilgani sababli ko‘prikning 6-tayanch qismidagi rostverkning tag qismi yuvilishi natijasida 5 iyuldan boshlab tayanch ustuni g‘arb tomonga og‘ib, cho‘kish hosil bo‘lgan. Natijada, ko‘prikning 6-7 tayanch ustunlari oralig‘ida harakat qismidagi temir-beton to‘sinlarda umumiy 26 santimetrga cho‘kish paydo bo‘lmoqda.

Joriy yilning 13 iyuldan 14 iyuliga o‘tar kechasi harakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida ko‘prikda harakatlanish to‘xtatilib, transport vositalarining harakatini yonidagi, 2006 yilda qurilgan ko‘prikdan o‘tkazishga qaror qilingan.

Umuman, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2019 yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan ushbu ko‘prikni kengaytirish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda.

Ishlab chiqilgan loyiha smeta hujjatlariga asosan rekonstruksiya ishlariga 12 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanadi. Yangi ko‘prikning gabariti (2006 yilda qurilgan ko‘prik bilan birga) 6ta harakat tasmasidan iborat bo‘ladi va 1970 yilda qurilgan ko‘prik ustidagi transport vositalarining harakatlanishi 2006 yilda qurilgan va rekonstruksiya qilinayotgan ko‘priklar ustiga o‘tkaziladi.

O‘z muxbirimiz.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid