Jamiyat | 19:20 / 18.07.2019
10413
3 daqiqa o‘qiladi

«Suvoqova» Urgutdagi ichimlik suvi muammosi bo‘yicha maqolaga munosabat bildirdi

Kun.uz`da kecha, 17 iyul kuni «Hovuzdagi qurtlayotgan suv: Urgutdagi bir qishloq ahli hattoki kir yuvishga yaroqsiz suvni ichishga majbur bo‘lmoqda» nomli maqola e'lon qilingandi. Bir kun o‘tib  Samarqand viloyat «Suvoqova» davlat unitar korxonasi rahbari Komil Yusupov munosabat bildirdi. Unga ko‘ra viloyat suvoqava rahbariyati tomonidan tegishli tashkilotlar bilan birgalikda holat o‘rganib chiqilgan. Jumladan xatda shunday deyiladi.

«Chindan ham Beshyog‘och qishlog‘ida yashovchi besh ming nafarga yaqin aholi uchun 1 dona ichimlik suv inshooti mavjud bo‘lib, uning to‘liq quvvatda ishlamasligi aholining norozilik kayfiyatiga sabab bo‘lgan. Maqolada Darg‘om kanalida o‘rnatilgan nasos orqali aholining ekin maydonlarini sug‘orish uchun suv yetkazilishi, ichimlik suv yetishmasligi oqibatida aholi ushbu suvlari tindirib iste'mol qilishi ma'lum qilingan.

Hozirda mavjud holatni bartaraf etish va aholini toza ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 iyundagi 13-sonli yig‘ilish bayoni asosida Urgut tumani aholisining ichimlik suv ta'minotini yaxshilash ishlariga 3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilishi belgilangan.

Tuman hokimligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha tumanning 11 ta mahallalari hududida ichimlik suvi inshootlari va tarmoqlari qurilishi bo‘yicha manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Unga ko‘ra Beshyog‘och mahallasida bu suv inshooti qurish va tarmoq tortish uchun 485,6 million so‘m ajratilishi belgilangan. 

Hozirda buyurtmachi korxona tomonidan loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqish nihoyasiga yetkazilmoqda. Qurilishni joriy yil 30 iyulga qadar boshlash va 30 avgustga qadar nihoyasiga yetkazish rejalashtirildi»,- deydi Samarqand viloyat «Suvoqova» DUK direktori Komil Yusupov.

Mavzuga oid