Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbek startaperlarining biznes atamashunoslik lug‘ati Big Idea Challenge tanlovida ishtirok etadi
Buyuk Britaniya elchixonasi tashabbusi bilan tashkillashtirilgan Big Idea Challenge innovatsion g‘oyalar tanlovining mintaqaviy bosqich g‘oliblari aniqlandi.

Tanlovda 7ta mamlakatdan 100dan ziyod loyihalar ishtirok etib, uchta yo‘nalish ─ raqamli texnologiyalar, ijtimoiy ta'sir va ijodkorlik bo‘yicha g‘oliblik uchun bellashdi. Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan mintaqaviy bosqichda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondan g‘olib ishtirokchilar aniqlandi. G‘oliblar:
Raqamli texnologiya bo‘yicha:
Qozog‘istondan Bagdar loyihasi (maktab bitiruvchilarining o‘z qiziqishlari va ko‘nikmalariga mos kasb tanlashlariga yordam beradi);
Qirg‘izistondan Smart Tech loyihasi (mahsulotlarni sotish va xarid qilishni osonlashtiruvchi vending qurilmalarini taklif qiladi);
O‘zbekistondan Business Glossary loyihasi (zamonaviy biznes texnologiyalariga oid atamalarni jamlovchi o‘zbekcha-inglizcha izohli lug‘at mobil ilovasini taqdim etadi).

Ijtimoiy ta'sir yo‘nalishi bo‘yicha:
Qozog‘istondan Dalatunes loyihasi (milliy qozoq kuylarini jamlovchi musiqiy ilova);
Qirg‘izistondan Milkbregg loyihasi (qishloq ayollarini ish bilan ta'minlash va oziq-ovqat mahsulotlarining sarxil holda dasturxonlarga yetib kelishini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi);
O‘zbekistondan Youread loyihasi (kitoblar haqidagi taqrizlarni reklama tarzida chop etish va jamoat transportlarida tarqatishni ko‘zda tutadi).

Ijodkorlik yo‘nalishi bo‘yicha:
Qozog‘istondan Sustainable fabric loyihasi (qayta ishlangan xomashyodan moda sanoatida foydalanishni maqsad qiladi);
Qirg‘izistondan Oinobook loyihasi (qirg‘iz xalqining an'analari haqida hikoya qiluvchi hamda bolaning kichik motorikasini rivojlantirishga yordam beruvchi innovatsion kitob);
O‘zbekistondan Living bakery museum loyihasi (barcha nonlarning tarixi haqida hikoya qiluvchi, ularning tayyorlanishini ko‘rsatuvchi non muzeyi).
Tanlovning oxirgi final bosqichiga esa har bir mamlakatdan faqat bittadan loyiha yo‘l oladi. Qozog‘istondan Dalatunes loyihasi, qirg‘izistonlik ishtirokchilarning Oinobook startapi, o‘zbekistonlik qatnashchilarning Business Glossary mobil ilovasi keyingi bosqichda g‘oliblik uchun kurashadi. Mutlaq g‘olib bo‘lgan loyiha mualliflari o‘z startaplarini amaliyotga tatbiq qilish uchun 5000 funt sterlingni qo‘lga kiritishadi.

Big Idea Challenge tanlovi Britaniya kengashining Creative Spark dasturi doirasida o‘tkaizlmoqda. 2018 yilda o‘z ishini boshlagan bu besh yillik dastur oliy ta'lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qiladi. Dastur yoshlar o‘rtasida tadbirkorlik g‘oyalari va kreativ iqdisodiyotni rivojlantirishni nazarda tutuvchi loyihalarni, shuningdek, Big Idea Challenge tanlovini qamrab oladi. Mazkur dasturga O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina, Gruziya, Armaniston davlatlari qo‘shilgan.
