Taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov Sog‘liqni saqlash vazirligining mamlakatga qator oziq-ovqat mahsulotlari importini taqiqlash bo‘yicha yangi tashabbusiga izoh berdi. Bu haqda u Facebook’dagi sahifasida post qoldirdi.

Eslatib o‘tamiz, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilingan hujjat loyihasiga ko‘ra, respublika hududiga olib kirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarning yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatining 80 foizidan kam bo‘lgan taqdirda hamda mahsulotlarga tegishli hujjatlar to‘plami to‘liq taqdim etilmasligi, shuningdek o‘tkazilgan laboratoriya tahlillarining salbiy natijalari sanitariya-epidemiologik xulosa berishni rad etish uchun asos hisoblanadi. 

«Sog‘liqni saqlash vazirligi buyuk proteksionistik urushga qo‘shildi. Yaroqlilik muddati umumiy yaroqlilik muddatining 80 foizidan kam bo‘lgan taqdirda oziq-ovqat mahsulotlarini mamlakatga olib kirishni taqiqlash taklif qilinmoqda. Shuningdek, agar xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya majmualari tomonidan sertifikatlanmagan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Bularning bari bizning salomatlik uchun g‘amxo‘rlik shiori ostida qilinyapti», - deb yozadi Yusupov.

«Hurmatli Sog‘liqni saqlash vazirligi, katta rahmat, lekin oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish, shu jumladan, yaroqlilik muddati va sifat standartlariga javob berishi masalasini o‘zim hal qilishga o‘rganganman. Sizlar esa bojxona xodimlari men uchun qaror qabul qilishlarini istayapsiz. Import mahsulotlar xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya komplekslari tomonidan sertifikatlanishi, mahalliysiga esa bu shart emasligi haqidagi qaroringiz men uchun tushunarsiz», - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holda hamma narsani o‘z nomi bilan atash kerak: vazirlik aholi salomatligi haqida emas, balki korrupsiyalashgan bojxonachilar cho‘ntagi haqida qayg‘urmoqda, aynan ularda pora uchun qo‘shimcha imkoniyat paydo bo‘ladi. Shuningdek, adolatli raqobat sharoitida ishlashga qodir bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari manfaatlari o‘ylangani aytiladi.

«Hurmatli amaldorlar, shuni tushuningki, iqtisodiyotda nafaqat vaqti-vaqti bilan sizning e'tiboringizni jalb qiluvchi alohida «mahalliy ishlab chiqaruvchilar» manfaati, balki: a) butun iqtisodiyotning manfaatlari (uning rivojlanishi uchun proteksionizm emas, balki raqobat kerak); b) 33 million iste'molchining manfaati bor. Men bu yerda ma'lum bir nomutanosiblikni his qilyapman», - deya qayd etdi iqtisodchi.