Sport | 19:30 / 23.07.2019
17664
6 daqiqa o‘qiladi

Abdusalom Azizov: «Reglament, chempionat formati va jamoalar sonini har yili o‘zgartirishni to‘xtatamiz»

O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov assotsiatsiya rahbariyati, boshqarma va bo‘limlar rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston futbolidagi mavjud muammolar hamda tashkilotning yaqin kelajakdagi rejalari muhokama qilindi, deb xabar bermoqda O‘FA rasmiy sayti.

Dastlab viloyat futbol assotsiatsiyalarining bugungi faoliyati ko‘rib chiqildi. Bu tizimdagi muammolarni bartaraf etish choralari, assotsiatsiyalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, kadrlar malakasini ko‘rib chiqish, mahalliy hokimliklar bilan hamjihatlikda viloyatlarda futbolni rivojlantirish borasida ko‘rsatmalar berildi.

O‘FA rahbarining asosiy talablaridan biri futboldagi adolat va halol o‘yin prinsiplariga to‘liq rioya qilishni ta'minlash. Kelishilgan o‘yinlar hamda totalizatorga qarshi kurashish borasida huquqni muhofaza qilish organlari bilan yaqindan hamkorlik qilgan holda, bu nopok yo‘l bilan futbolimizni orqaga tortayotganlar, muxlislarning qiziqishini so‘ndirayotganlar aniqlanadi va tegishli jazoga tortiladi.

Yaqin muddat ichida O‘zbekiston milliy terma jamoasi, olimpiya va yosh toifasidagi terma jamoalarimiz saralash turnirlariga kirishadilar. O‘FA prezidenti terma jamoalarimizning ish rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Shu asnoda milliy terma jamoamizning yaqin vaqt ichida o‘tkazadigan o‘yinlari uchun “Milliy” stadion maydoni hali talab darajasida emasligi e'tirof etildi. Yil oxirigacha stadion chimini tartibga keltirish vazifasi qo‘yildi. Unga qadar terma jamoalar boshqa stadionlarda ham uchrashuvlar o‘tkazishi taklifi berildi.

O‘zbek futbolining mavqeyini xalqaro maydonda mustahkamlashda FIFA va OFK bilan yaqindan hamkorlik qilish, ushbu tashkilotlarning, qolaversa, muxlislarning ishonchini qaytarish juda muhim ekani ham alohida ta'kidlandi. Abdusalom Azizov xalqaro hamkorlar bilan munosabatlar va kelajakdagi o‘zaro loyihalarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashi haqida aytib o‘tdi.

Shuningdek, O‘FA prezidenti tomonidan bolalar futbolidagi ahvolni yaxshilash, ular uchun muntazam turnirlar tashkil etish kerakligi ta'kidlandi. O‘smir va yoshlarning katta futbolga o‘tish jarayonidagi muammolar, ularning professional futbolchi sifatida shakllanishi, milliy terma jamoaga munosib futbolchi bo‘lib yetishishi bo‘yicha mavjud kamchiliklarni bartaraf etish kerakligi aytib o‘tildi. Bu borada qit'amizning futboli jadal rivojlanayotgan mamlakatlari, xususan, Yaponiya, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari tajribalari yaqindan o‘rganib chiqiladi va mutaxassislarning tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi.

Terma jamoalarimizda diyetologiya va vitaminizatsiya yetishmasligini Abdusalom Azizov alohida e'tirof etib, tez orada malakali shifokorlardan iborat guruh tuzish va bu yo‘nalishni kuchaytirishga ko‘rsatma berdi.

Yig‘ilishda marhum "Paxtakor-79" jamoasi a'zolariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

“Xabaringiz bor, bu yil "Paxtakor-79" aviahalokatiga 40 yil to‘lmoqda. Bu nafaqat “Paxtakor” klubi, balki butun o‘zbek futboli uchun katta fojiadir. Biz hech qachon futbolimizning faxri bo‘lmish ushbu jamoani unutmasligimiz va hamma vaqt ularning xotirasini yod etishimiz zarur. Shuning uchun ham O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu sana munosabati bilan o‘tkaziladigan barcha tadbirlarda faol ishtirok etishi, mazkur sana arafasida bo‘ladigan Superliga uchrashuvlarida o‘tganlar xotirasiga hurmat bajo keltirishi, jamoa a'zolarining yaqinlariga e'tibor qaratishi zarur”, - deya ta'kidladi Abdusalom Azizov.

Qayd etish joiz, futbolni rivojlantirishda homiylar va hamkorlar ko‘magisiz ko‘p narsaga erishib bo‘lmaydi. Assotsiatsiya ham o‘z navbatida yurtimiz va xorijning katta kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish borasida ish olib boradi.

Stadionlarda bayramona atmosferani yuzaga keltirish, muxlislik madaniyatini oshirish ham muhim masalalardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda ham o‘yinlar paytida futbolchilar, murabbiylar, hakamlarga qarata haqoratlar yangrashi kabi futbolimiz mavqeyini tushiradigan holatlar uchrab turibdi. Bu esa o‘z navbatida stadionlarga oilaviy borilishga to‘sqinlik qilyapti. Assotsiatsiya tomonidan muxlislik madaniyatini oshirish uchun maxsus loyihalar, tadbirlar, ijtimoiy roliklar tayyorlanyapti.

Abdusalom Azizov milliy chempionatimizda tartib-intizomni kuchaytirish zarurligini ham alohida qayd etdi.

“Hozirda jamoalarda murabbiy va futbolchilarning shartnomalari borasida noaniqliklar uchrab turishidan xabarim bor. Qisqa muddatli shartnomalar o‘rnini ikki tomonning majburiyatlari to‘liq aks etgan professional shartnomalar egallashi kerak. Shunda murabbiylar ham ma'lum muddat o‘z jamoasi bilan ishlab, uni kuchaytirish haqida o‘ylaydi. Futbolchilar ham bir yil o‘tar-o‘tmasdan o‘ziga boshqa klub qidirishga tushmaydi.

Reglament, chempionat formati va jamoalar sonini har yili o‘zgartirishni to‘xtatamiz. Keyingi mavsumda ham jamoalar soni shunchaligicha qoladi. Superligaga chiqadigan jamoa sport prinsiplari asosida kurashib yullanmaga ega chiqsin. Turli aralashuvlar orqali jamoalarni yuqori ligalarga olib chiqishga bo‘lgan urinishlarga yo‘l qo‘yilmaydi”, - dedi Abdusalom Azizov.

Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha boshqarma rahbarlariga ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.

Mavzuga oid