Jamiyat | 09:50 / 23.07.2019
29287
14 daqiqa o‘qiladi

G‘allaorolliklar nega darg‘azab: bu yerda qurilayotgan kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish kombinati salomatlik va ekologiya uchun zararlimi?

«Assalomu alaykum, hurmatli tahririyat a'zolari. Bugun yurtimizda juda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Shu xalq uchun zavod fabrikalar qurib aholini ish bilan ta'minlayotgan tadbirkorlarimizning borligi tahsinga sazovor. Biroq, bu imkoniyatdan noto‘g‘ri foydalanib, o‘z foydasi yo‘lida ish yuritayotgan tadbirkorlarga qanday baho berish mumkin?

Jizzax viloyati, G‘allaorol tumani «sanoat zonasi»da inson hayoti uchun xavfli sanalgan mineral o‘g‘it va fosfor ishlab chiqarish uchun kichik korxona va kimyoviy baza qurilmoqda. Ushbu korxona tumandagi «Samarqand» hamda «G‘afur G‘ulom» MFY hududidagi aholi yashash punktlaridan atigi 200 metr narida joylashgani bizni nihoyatda tashvishlantiryapti.

Biz ushbu kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish kombinatining inson salomatligi uchun zarari borasida deyarli barcha mutasaddi tashkilotlarga murojaat qildik. Ijobiy natija ko‘rmadik.

Ushbu muammo to‘liq bartaraf etilishida beminnat yordamingizni ayamaysiz degan umidda sizga murojaat qilyapmiz.  Hurmat bilan, G‘allaorol tumani «Samarqand» va «G‘afur G‘ulom» mahalla fuqarolar yig‘ini ahli».

300 kishi imzolagan ushbu murojaatning qisqacha mazmuni shundan iborat edi. Sayt tahririyatiga arznoma yo‘llagan g‘allaorollik yurtdoshlarimiz bilan ularni qiynayotgan muammo yuzasidan uchrashdik.

Sahardan kun qizidi. Quyoshning o‘tkir tig‘iga chidash qiyin. Havo harorati 44 daraja bo‘lishiga qaramasdan, murojaatda keltirilgan G‘allaorol tumani «sanoat zonasi»dagi «G‘allaorol kaliy fosfat» MChJ mineral o‘g‘it, kaliy sulfat ishlab chiqaruvchi korxonasi hovlisida bizni kutib turgan yurtdoshlarimiz (ularning aksariyati keksa kishilar edi ) bilan shikoyat yuzasidan suhbatlashdik.

«Men shu mahallada yashayman, nafaqadaman. Ayni damda tinchgina yashasam bo‘ladi, ammo bunday qilolmayman. Bu kimyoviy baza nega aynan G‘allaorolda qurilyapti? Inson salomatligi uchun o‘ta xavfli hisoblanadigan bu zavod qurilmasligi uchun barcha tegishli tashkilotlarga murojaat qildik. Hech kim dardimizga quloq solmadi. Kelajak avloddan xavotirdamiz. Bu havodan qanday nafas olamiz? Ekin, chorvalarimiz nima bo‘ladi? Buning ustiga, tuman markazidan tortib kelingan gaz quvurlari talab darajasida emas. Eski, foydalanilgan gaz quvurlarini o‘rnatishgan. Agar ular dosh berolmay yorilib ketsa, buning badalini kim to‘laydi? Nega bu korxona aholi punktga yaqin joyda joylashgan? Bizni savollarimizga kimdir javob beradimi?!», — dedi mahalla faoli Asror Shoyzaqov.

«Har kuni tong saharda uch-to‘rt kishi shu atrofda sayrga chiqamiz. Sog‘liq uchun. Harqalay, toza havoda saharda sayr qilishning gashti o‘zgacha. Balki ishonmassiz, ammo ertalabdan hali ishga tushmagan shu zavod quvurlaridan tutun chiqadi. Aholi bilmasin, degan maqsadda korxona hali ishga tushgani yo‘q deyishmoqda, lekin u ishlayapti. Zaharli hidni sezish qiyinmas. Avvaliga e'tibor bermadik, lekin ikki-uch kun o‘tgach ta'sirini sezdik. Quvurlardan havoga ko‘tarilayotgan hidga chidash qiyin. Xuddi sizni nimadir bo‘g‘ayotgandek bo‘ladi. Bu zavodning turgan-bitgani zarar ekan. Kislota ham ishlatishadi, deyishyapti. Buning inson salomatligi uchun qanchalik zararligini nahotki hech kim inobatga olmasa? Bizning taqdirimiz hech kimni qiziqtirmaydimi? Axir bunday ishlab chiqarishlar aholi yashash punktlaridan bir necha kilometr uzoqlikda joylashishi kerak emasmi?», — dedi Ne'mat hoji Haydarov.

«Bugun G‘allaorolda to‘y yoki ma'rakaga borsangiz asosiy mavzu shu korxona. Har kim o‘z bilganicha gapiradi. Kimdir kimyoviy o‘g‘itlar inson salomatligiga o‘ta zararligini aytsa, kimdir yaqinda tomorqaga birorta ekin ekolmasligimizdan so‘zlaydi. Xullas, vahima! Aholi juda norozi. Ayting-chi, kim zaharli moddalar bilan to‘yingan havodan nafas olishni istaydi? Bizga ma'lum bo‘lishicha, korxonani qurishga ruxsat berganlar shamolning esishi, aholi yashash joyiga yaqinligini mutlaqo hisobga olishmagan. Nega uning o‘rniga boshqa ishlab chiqarish qilinmaydi? Aholi ham, yoshlar ham ish o‘rniga ega bo‘larmidi?», — deydi Najmiddin hoji Hiloliddinov.

Kuyinib gapirayotgan yurtdoshlarimizning mulohazalari qaysidir ma'noda o‘rinli albatta. Aslida, inson uchun uning salomatligidan ortiq boylikning o‘zi yo‘q. Murojaat yo‘llaganlarning hasratlariga quloq tutarkanmiz, nahotki bugun 160 mingdan ziyod aholiga ega G‘allaorol tumanida mutasaddilar bunday «beboshlik»ka jimgina, qo‘l qovushtirib qarab turishgan bo‘lsa, degan haqli savol tug‘iladi. Savollarimizga javob olish maqsadida «G‘allaorol kaliy fosfat» MChJga tegishli «Mineral o‘g‘it kalsiy-sulfat» kimyoviy o‘g‘it ishlab chiqarish kombinatida bo‘ldik.

«O‘zim «Navoiy Azot» zavodida o‘n besh yildan beri faoliyat yuritaman. Qariyb ikki oydan beri shu yerda xizmat safaridamiz. Jamoamizdan 15 nafar yigit ham biz bilan birga kelgan.

Barcha savollaringizga javob beraman. Ayni damda 30 nafardan ziyod shu yerlik mahalliy yoshlarni ishga olganmiz. Har kuni malakali mutaxassislarimiz ularga o‘quv mashg‘ulotlar olib borishmoqda.

Oldindan mutaxassis sifatida aytib qo‘yay, bu kombinat ishga tushishi inson salomatligi uchun xavf tug‘dirmaydi. Avvalo, bu kabi muammolarning oldini olish uchun barcha choralarni ko‘rib qo‘yganmiz. Avvalo mahsulot zararini aholi sezmasligi va ularning salomatligiga xavf tug‘dirmaslik uchun filtrlash choralarini ko‘ryapmiz.

Korxonamiz yonidan qo‘shimcha bino qurishni boshladik. Aholining noroziligi albatta tushunmovchilikdan. Menimcha ortiqcha vahimaning keragi yo‘q. Chunki mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, mahsulotni ishlab chiqarish uchun ipidan ignasigacha o‘ylab, yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Qolgan barcha savollaringizga korxonamiz rahbari to‘liq va batafsil javob beradi», — dedi korxona bosh mutaxassisi Ulug‘bek Xolmurodov.

«Adashmasam o‘tgan yili noyabr oyida ham shu mashmasha boshlangan edi. So‘zim avvalida aytib o‘taman, biz faoliyatimizni qonun doirasida olib boryapmiz. Korxonamiz G‘allaorol tumanidagi «sanoat zonasi»da joylashgan. Agar bu sanoat zonasida ko‘plab noqonuniy uylar qurilgan bo‘lsa, bu bizning aybimiz emas.

Aholi tomonidan qilingan murojaat yuzasidan 2018 yilning noyabr oyida yig‘ilish bo‘lgan edi. O‘shanda ham ularning barcha savollariga batafsil javob berganmiz. Qurilayotgan ushbu korxona uchun barcha hujjatlarimiz mavjud. Mana shu kabi murojaatlar oldini olish uchun biz barcha tegishli tashkilotlar bilan maslahatlashgan holda hujjatlarni rasmiylashtirib berganmiz. Inson salomatligi va ekologiya uchun bu mahsulotning hech qanday zarari yo‘qligini aytib o‘tmoqchiman. Qolaversa, oddiy qo‘l telefoni yoki ichimlik suvida ham salomatlik uchun qaysidir ma'noda xavf tug‘diradigan moddalar bor, shunday emasmi?

Shuni alohida ta'kidlash joizki, bu qurilayotgan korxonamiz yurtimizda yagona. Buning qanchalik foyda keltirishini bir tasavvur qilib ko‘ring. Korxona mahsuloti eksport qilinadi. Aholi ish bilan ta'minlanadi. Hukumat loyiha va qarori asosida yo‘lga qo‘yilayotgan korxona qurilishiga bir necha mutaxassislar jalb etilgan. Barcha kerakli choralar ko‘zda tutilgan. Bu shunchaki tikuv sexi yoki kiyim fabrikasi emas. Barchasi nazorat ostida.

Ayni damda mahalliy aholi ishga tushmagan korxonani ishlayapti degan ayblovni qo‘ymoqda. Afsuski, biz hali mahsulotni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymasimizdan shuncha ma'lumot to‘planibdi. Men hozirgina Olmaliq shahridan keldim. Agar sizga murojaat yo‘llagan mahalla ahli o‘sha yerga borib shahar uzra osmonni qoplagan tutunni ko‘rsa qanday holatga tusharkan. O‘sha yerda ham hamma ishlayapti. Axir bu oddiy tuz bo‘lsa?! Men bir mutaxassis sifatida shuni ayta olamanki, mahsulotimizning inson salomatligi uchun hech qanday zarari yo‘q. Rostini aytsam, bunday muomaladan keyin korxonada ishlash haqida ham o‘ylanib qoldim, ixlosim ham qaytdi», — dedi korxona rahbari Mirik Romanovich.

G‘allaorol tumani hokimligida tuman arxitektura, kadastr bo‘limi xodimlari DSENM bosh shifokori va hokim muovinlari ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

«Ayni damda sanoat zonasida 25ta uy noqonuniy qurilgan. Ularni ko‘chirish masalasida bevosita aholi bilan ko‘rishib gaplashdik. Ularga kompensatsiya to‘lanmaydi, lekin albatta yer ajratib beriladi. Bizning tuman hokimligi bilan ularga bergan taklifimiz hali ham o‘z kuchida. Afsuski, ular o‘z bilganidan qolishmayapti. Bu korxonani loyihalashtirish jarayonida biz ham ancha vahimaga tushgandik, lekin xitoylik mutaxassislar va o‘zimizdagi malakali mutaxassislar bizga ipidan ignasigacha tushuntirib ko‘rsatib berishgan. Bu hukumat doirasida amalga oshirilayotgan loyiha. Shunday ekan, ortiqcha vahimaga hojat yo‘q», — dedi hokim muovini Akbar Mamarajabov.

«O‘tgan yili aynan shu mahalla fuqarolari murojaat qilishganida bizga yuqoridan tekshiruvchilar kelib ishlab chiqarilayotgan mahsulot va uning zararini tekshirishgan. Qo‘limdagi ma'lumotda aytilishicha, bu mahsulot inson salomatligi uchun katta xavf tug‘dirmaydi. Buni biz noyabr oyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham aytib o‘tganmiz», — deydi shifokor Zokir Mamarajabov.

Aholi tomonidan keltirilayotgan e'tirozlar o‘rinlimi? Korxona mutasaddilari ishlab chiqarilayotgan mahsulotning hech qanday zarari yo‘qligi haqida ta'kidlashyapti. Kim haq? Bu borada xolis mutaxassis fikri juda muhim.

«Kaliy sulfat tabiatda kaliyli tuzlar sifatida uchraydi. U rangsiz kristall modda ko‘rinishida bo‘lib, suvda juda yaxshi eriydi. Etanol va ishqorlarda erimaydi. Toza holatda mineral kaliy sulfat kam uchraydi. Shu bois u ishlab chiqariladi. Asosiy iste'molchi qishloq xo‘jaligi, chunki kaliy sulfat xlorsiz o‘g‘itlar ro‘yxatiga kiradi. Oddiy ichimlik suvida ham xlor bo‘ladi. Kaliy sulfat aynan xlorni parchalaydi. Uning kuchli xossasi shundaki, u tarkibida kam kaliy tutgan tuproq uchun juda foydali. Agarda kaliy sulfatni azot, fosfor kabi mineral o‘g‘itlar bilan ishlatsa, hosildorlik yanada oshadi. Nordon tuproq neytrallanadi va kaliy birikmalari normal holatga keladi. Tuproq unumdorligi oshadi. Shu bilan birga, kaliy sulfat kam miqdorda inson tanasiga tegsa ham ko‘z achishishi yoki ba'zi toshmalar toshishi mumkin. Ko‘p miqdorda iste'mol qilinsa oshqozon-ichak yo‘llarida buzilish holati yuzaga keladi. Bir so‘z bilan aytganda, ishlab chiqarilayotgan mahsulot inson salomatligi yoki ekologiya uchun u qadar katta xavf tug‘dirmaydi. Agarda korxonaga xomashyo keltirilayotgan bo‘lsa, demak, xavfsizlik choralariga o‘ta diqqatli bo‘lmoq lozim. Ma'lumki, mahsulotni ishlab chiqarishda turli zaharli kislotalardan ham foydalaniladi. Shunday kislotalarning ozgina miqdori ham yerga to‘kilsa anchagina zarar keltirishi mumkin. Agarda xavfsizlik texnikasi kuchaytirilimas ekan, albatta uning inson salomatligi va ekologiya uchun katta zarari tegishi mumkin», — dedi Jizzax pedagogika instituti kimyo fanlari doktori, dotsent Zuhra Yaxshiyeva.

Murojaatda ta'kidlanadiki, «korxona rasman o‘z faoliyatini boshlamay turib ham ishlashni boshlab yuborgan. Buning natijasida zararli moddalarning ta'siri oqibatida keksa yoshdagi va bolalar orasida nafas qisish holatlari ro‘y bermoqda».

Murojaatchilar «tabiati go‘zal, havosi toza so‘lim G‘allaorolda korxona ishlab chiqaradigan zararli chiqindilari tufayli sog‘lom atrof muhitga ega bo‘lish huquqidan mahrum bo‘layotgan yuzlab odamlar taqdiri hech kimni qiziqtirmayotgani»ni kuyinib gapirishdi. Umid qilamizki, tegishli tashkilot mutassaddilari bu kabi tushunmovchiliklarga barham berib, kelajak avlodning salomatligi uchun qayg‘urayotgan, najot kutib turli idoralarga murojaat yo‘llayotgan g‘allaorollik yurtdoshlarimizning muammosiga yechim topishadi.

Gulchehra ShARIPOVA,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid