Jamiyat | 19:56 / 23.07.2019
22541
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Andijondagi holat bo‘yicha o‘z vaqtida chora ko‘rilgan

Bugun, 23 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida «O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish rejasi, hududiy kasalxonalarning muammolari, bepul orderlar olish tartibi» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ma'lum qilinishicha, tizimda ko‘plab yechimini kutayotgan muammolar mavjudligi sababli Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yil 7 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan va 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2019–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Konsepsiyaga ko‘ra:

  • sog‘liqni saqlash sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish;
  • tibbiyot sohasida zamonaviy boshqaruv tizimini va  hududlarda sog‘liqni saqlashni tashkil etishning “klaster” modelini shakllantirish;
  • tibbiyot sohasini moliyalashtirish tizimini  takomillashtirish;
  • tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini  oshirish;
  • onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish;
  • xususiy tibbiyot, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini va
  • tibbiy turizmni rivojlantirish orqali investitsiyalarni keng jalb etish;
  • farmatsevika tarmog‘ini jadal rivojlantirish;
  • tibbiy kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malaka
  • oshirishning samarali tizimini yaratish, tibbiyot fanini rivojlantirish;
  • Elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish rejalashtirilgan.

Muxbirning «Andijon viloyati hokimligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasidagi shprits muammosi qanday yechim topgani, umuman hududlardagi tizim xodimlari qachongacha mahalliy hokimliklarga bo‘ysunib, obodonlashtirish, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga aralashib yurishishi» haqidagi savolga Sog‘liqni saqlash vazirligi Bosh boshqarma boshlig‘i Farrux Sharipov shunday javob berdi: «Biz Andijon viloyati hokimligidagi masala bo‘yicha darhol o‘z munosabatimizni bildirganmiz. Aytishimiz kerakki, u yerdagi hamma gaplarga ham javob berishimiz shartmas, sohamizga oid masalalarga madaniyat bilan javob qaytarganmiz. Endi joylardagi tizimimiz xodimlarini himoyalash bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda, masalan endilikda joylardagi rahbar kadrlarni ishga tayinlash faqat maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra vazirlik tomonidan amalga oshiriladi va hech kim bunga aralasha olmaydi».

Mavzuga oid