2019 yil 17 iyul kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining IV konferensiyasida O‘zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi qabul qilindi. Bu haqda O‘zA saytida ma'lum qilingan.

Unda qayd etilishicha, bu kodeks majburiy xarakterga ega emas, faqat tavsiyaviy maqomda bo‘ladi.

MUQADDIMA

Inson manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblangan demokratik jamiyatni so‘z va axborot erkinligisiz tasavvur etib bo‘lmasligini e'tirof etib, biz — O‘zbekiston Jurnalistlari mazkur kasb etikasi kodeksini (keyingi o‘rinlarda – Kodeks) qabul qildik.

Kodeks Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (BMT Bosh Assambleyasi, 1948 yil), Jurnalistikada kasb etikasi xalqaro prinsiplari (YuNeSKO, 1983 yil), Jurnalistlar odob-ahloqi prinsiplari xalqaro deklaratsiyasi (Xalqaro jurnalistlar federatsiyasining kongressi, 1954 yil) va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda qonunchiligi inobatga olingan holda ishlab chiqildi.

Kodeks jurnalistlar va barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘z kasb majburiyatlarini bajarishda rioya etishi shart bo‘lgan ma'naviy-axloqiy yo‘nalishlarni belgilaydi.

1. JURNALISTNING KASB MAJBURIYaTI

Haqqoniylik, xolislik, adolat, fikrlar xilma-xilligi va inson huquqlariga hurmat O‘zbekiston jurnalistlari faoliyatining asosiy qoidasi hisoblanadi.

Jurnalist o‘zining so‘z va axborot erkinligini ta'minlash yo‘lidagi faoliyati jamiyat oldidagi burchi ekani va uning materiallari jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi kerakligini to‘liq anglaydi.

Jurnalist O‘zbekistonning amaldagi qonunlari va xalqaro huquq normalariga asoslanib ish olib boradi, media makonda ijtimoiy mas'uliyat muhitini yaratgan holda sohada o‘zini-o‘zi boshqarish tizimini vujudga keltirish va mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi, jurnalist obro‘-e'tibori va sha'nini himoya qiladi.

2. JURNALISTNING IJTIMOIY MAS'ULIYaTI

Jurnalist jamiyat uchun axborot to‘plashi, tayyorlashi, tarqatishi, shuningdek fuqarolarning o‘z fikrlarini bildirishlari uchun erkin maydon yaratadi.