IIV Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari sayyor o‘quv yig‘inlari o‘tkazmoqda
Mamlakatda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari tizimini ham takomillashtirish, ularning quyi bo‘g‘inlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, “Jinoyat haqiqati va adolati”, “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan tamoyillarni qaror toptirish ko‘p jihatdan, soha xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga bog‘liq hisoblanadi.
Ushbu ustuvor vazifalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta'kidlash joizki, o‘tgan davr mobaynida Institut va uning joylardagi filiallarida o‘tkazilgan o‘quv yig‘inlarida qariyb 11 mingdan ortiq soha xodimlari qatnashib, o‘z malakasini oshirdi.
Ayni paytda, joriy yil 23 iyulidan boshlab 15 avgust kuniga qadar Institut professor-o‘qituvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo‘lim (bo‘linma)lari boshliqlari, jinoyat qidiruv bo‘linmalari tezkor vakillari, xavfsiz turizmni ta'minlash bo‘linmalarining tahlil, hamkorlik qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha xodimlari, tergovchi va surishtiruvchilari uchun malaka oshirish sayyor o‘quv yig‘inlari o‘tkazilmoqda.
O‘quv yig‘inlarida davlat rahbari tomonidan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid ilgari surilgan dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, mashg‘ulotlar mobaynida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati, unga qarshi kurashishda soha xodimlarining vazifalari, korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari kabi mavzular bo‘yicha ham tushuntirishlar berilmoqda.
Sayyor o‘quv yig‘inlarini Institut boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov ochib, ichki ishlar organlarini xalqparvar tizimga aylantirish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ijtimoiy va ma'naviy-ma'rifiy sohalarda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizimni joriy etish borasida soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalarga e'tiborni qaratdi.
– Mamlakatimizda barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari faoliyatini ham takomillashtirish, ularning quyi bo‘g‘inlarini aholiga yanada yaqinlashtirgan holda mustahkamlash, “Jinoyat haqiqati va adolati”, “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” degan tamoyillarni qaror toptirish ko‘p jihatdan, soha xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirishga bog‘liq, – deydi Surxondaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi bosh inspektori, mayor Shuhrat Irnazarov. – Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilayotgan besh kunlik sayyor o‘quv yig‘inlarida biz sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishyapmiz. Bundan tashqari, xizmat faoliyatini samarali tashkil qilish fuqarolarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berilmoqda.
Bundan tashqari, joylarda o‘tkazilgan ushbu tadbirlar doirasida Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan hududiy ichki ishlar organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarni faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha kengashlar bilan hamkorlikda mahallalarda aholi, eng avvalo yoshlar o‘rtasida “Osoyishtalik uchun barchamiz mas'ulmiz” mavzusida targ‘ibot ishlari olib borildi.
Shu paytga qadar Termiz shahridagi “Jayxun”, “Alpomish”, “Bo‘ston”, “Yulduz”, “Katta bog‘”, “Eski shahar”, Nukus tumanidagi “Oqmag‘it”, Taxiatoshdagi “Markaziy”, “Xalqlar do‘stligi”, Jarqo‘rg‘ondagi “Istiqlol”, “Neftchilar”, “Madaniyat”, “Ma'rifat” mahallalarida o‘tkazilgan mazkur ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, uning barqarorligiga hissa qo‘shish, mahallalarda sodir etilgan huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularni barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o‘z vaqtida bartaraf etishda jamoatchilikning roli kabi mavzular haqida so‘z yuritildi.
– Tinchlik - bu bebaho ne'mat, mahallamizda osoyishtalikni ta'minlashga nafaqat profilaktika inspektori, balki barchamiz birdek mas'ulmiz, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani “Markaziy” mahallasi raisi Gulchehra Jumaniyazova. – Poytaxtimizdan kelgan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan ushbu tadbirda tinchlikning qadriga yetish, uning barqarorligini ta'minlash uchun mahallada istiqomat qilayotgan har bir fuqaro o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi, hamjihatlikda amalga oshirish kerak bo‘lgan chora-tadbirlar, yoshlar ta'lim-tarbiyasi haqida o‘zlarining fikr-mulohazalarini hamda tavsiyalarini berishdi. Mahallamiz aholisi nomidan ularga kattadan-katta rahmatlar aytaman.
Shuningdek, Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan mahallalarda istiqomat qilayotgan kam ta'minlangan oilalar, nogironlar va yakka yolg‘iz keksa avlod vakillari hamda ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylarning holidan xabar olish ham amalga oshirildi.
– Hovli ishlari bilan ovora bo‘lib yurganimda bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari sovg‘a-salomlar bilan hovlimizga kirib keldi, – deydi Termiz shahar “Eski shahar” mahallasida yashovchi Guliston Shamatova. – Maqsadlarini ayon qilgan ichki ishlar organlari xodimlari 16 yoshli Boburjon va 12 yoshli Zokirjonning taqdiri bilan qiziqib ketishdi. Bu ikki yoshning onasi 10 yil ilgari bedarak yo‘qolgan, 2-guruh nogironi bo‘lgan otasi esa 4 oy oldin vafot etdi. Shundan buyon men ularga qarayman. Bir kuni Zokirjon “Kennoyi"demay, "Oyijon, ko‘chaga chiqib o‘ynab kelsam, maylimi?”, deya so‘rab qoldi. Qay ahvolga tushganimni ko‘z oldingizga keltiring, o‘zimni bir nafar o‘g‘lim va bir nafar qizim bor edi. Endi ular to‘rt kishi bo‘ldilar. Boburjon va Zokirjonni ham vasiylikka olish uchun hujjatlarni to‘plab tuman hokimligiga topshirdim. O‘zim o‘qituvchi bo‘lib ishlayman.
Bugun oilamiz holidan xabar olish uchun xonadonimga ichki ishlar organlari xodimlarining kelganliklaridan ko‘zimga yosh keldi. Bizning yurtda bolaning begonasi yo‘qligiga yana bir bor ishonch hosil qildim. Suhbat jarayonida ular bolalarning maktab formasi, o‘quv qurollari kabi masalalar bo‘yicha fikrlarimizni eshitib mushkullarimizni oson qiladigan bo‘ldilar. Buning uchun Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga, Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilariga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
– Otam ichki ishlar organlari sohasida faoliyat ko‘rsatgan va xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. O‘sha paytda men 9 yoshda edim, otamning yurt tinchligini himoya qilish sohasida xizmat qilganligidan faxrlanar edim. – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumani “Markaziy” mahallasida istiqomat qiluvchi Moldir Abdrimova. – Bu yil men umumta'lim maktabini tugatdim va kelajakda oliy ma'lumotli mutaxassis bo‘lib, xalqimga xizmat qilishni maqsad qilib oldim. Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilarining xonadonimizga tashrif buyurganliklaridan benihoya xursand bo‘ldim.
Shuningdek, ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo‘lgan faxriylar Jarqo‘rg‘on tumani “Madaniyat” mahallasida yashovchi 81 yoshli Oysha momo Normatova, Nukus shahrida istiqomat qiluvchi 2-jahon urushi qatnashchisi, 94 yoshli Nurilla ota Abdullayevlarning ham holidan xabar olindi.
Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o‘quv yig‘inlari, mahallalarda targ‘ibot tadbirlari hamda kam ta'minlangan oilalar, nogironlar va yakka yolg‘iz keksa avlod vakillarining holidan xabar olish kabi ezgu ishlar joylarda davom etmoqda.
Mavzuga oid
16:11 / 17.11.2024
Probatsiya bo‘linmalari xodimlarining vakolatlari kengaytirildi
17:34 / 04.09.2024
O‘ndan ortiq davlatning politsiya oliy o‘quv yurtlari rahbarlari Toshkentda yig‘ildi – foto
11:40 / 23.08.2024
Jizzaxda soqol qo‘ygan 22 yoshli fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortildi
13:30 / 20.08.2024