Jahon | 19:35 / 26.07.2019
9095
2 daqiqa o‘qiladi

Liviya qirg‘oqlarida 150 kishi dengizga g‘arq bo‘ldi – ular Yevropaga yo‘l olgan migrantlar edi

25 iyul kuni Liviya qirg‘oqlarida 150ga yaqin kishi kema orqali O‘rta yer dengizini kesib o‘tib, Yevropaga yetib olish ilinjidagi urinish chog‘ida halok bo‘ldi. Bu xabarni BMT Qochoqlar agentligi (UNHCR) tasdiqladi. Aslida, 300 atrofidagi kishi mamlakat poytaxti Tripolidan 80 km sharqda joylashgan Xums port shahridan dengizni Yevropa tomon kesib o‘tishga uringan, deya ma'lum qilgan UNHCR matbuot kotibi Charlie Yaxley. 

Biroq, migrantlar bilan suzayotgan kema Liviya qirg‘oqlarini tark etishga ulgurmasdanoq halokatga uchragan. Ayrim yo‘lovchilar mahalliy baliqchilar tomonidan qutqarilgan, ularga keyinchalik Liviya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati yordamga yetib kelgan. 

Qutqarilgan migrantlar Tripolidan 100 km sharqda o‘tirishibdi

«Joriy yilning shu davrigacha 600dan ortiq inson O‘rta yer dengizida hayotdan ko‘z yumdi, - degan Yaxley. – Agar bu kabi holatlar shu tarzda davom etsa, oltinchi yildirki, har yili 1000dan ortiq inson ushbu dengizda umrini yo‘qotgan bo‘ladi». 

Mavzuga oid