Jamiyat | 23:06 / 29.07.2019
74578
3 daqiqa o‘qiladi

Poytaxtdagi imtihonlarga nazar: birovning o‘rniga kirish holatlari hamon kuzatilmoqda

Bugun, 29 iyul kuni Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari boshlandi. KUN.UZ muxbirlari imtihon jarayonlarini kuzatish maqsadida jarayonlar bo‘lib o‘tgan joylarga borishdi. Imtihonlar 2 smenada bo‘lib o‘tmoqda. Birinchi smena 8.00 dan 11.00 gacha, ikkinchi smenada esa 15.00 dan 18.00 ga qadar davom etadi.

Dastlab, ijodiy guruh Xalq iste'mol tovarlarining ko‘rgazma yarmarka savdosi Respublika markazida bo‘ldi. Bu yerda abituriyentlar texnika yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlarini topshirishayotgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, 1320 nafar abituriyentdan 56 nafari imtihonda qatnashmagan, 2 nafar abituriyent qoidani buzganligi uchun chetlashtirilgan. 44 ta guruhga bo‘lingan abituriyentlarga jami 88 nafar nazoratchi xodim biriktirilgan.

Ayni shu vaqtda saytimizning yana bir ijodiy guruhi Mirzo Ulug‘bek tumani, Niyozbek ko‘chasida joylashgan Oliy o‘quv yurtlararo sport majmuasiga – imtihonlar o‘tayotgan hududga bordi. Eshik oldida ko‘plab abituriyentlar navbat kutib turishardi. Har biri birma-bir tekshirilayotganiga guvohi bo‘ldik. Oliygohda tahsil olishni xohlovchi abituriyentlar miqdori taxmin qilganimizdanda ko‘p ekan. Jurnalistlar uchun davlat test markazi tomonidan imtihon boshlanganidan ikki soat o‘tib ruxsat berilishi ma'lum bo‘ldi. Eshik oldidagi holatlarni kameralarga muhrladik va biz uchun ajratilgan vaqtda bino ichiga kirdik.

Zalda imtihon topshirayotgan ko‘plab yoshlardan tashqari, bo‘shab qolgan stullar ham ko‘p edi. Biz imtihon o‘tkazilayotgan zaldan tashqari muhrlangan xonalar, alohida kameralar orqali kuzatuvchi mutaxassislar xonalarini ham kirib ko‘rdik.

Imtihonlarning birinchi kuni, imtihondagi nazorat haqida bino nazoratchilari rahbari, Davlat test markazi xodimi Abulniyozova Aqida ma'lumot berib o‘tdi.

«Bu yerda matematika, fizika, ona tili va adabiyoti yo‘nalishi bo‘yicha abituriyentlar imtihon topshirishmoqda. Bugun 900 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. 22 nafar abituriyent qatnashmadi. 2 nafari birovning o‘rniga kirganligi aniqlandi. Ular ikki joydagi tekshiruv vositalarimizda aniqlanmadi. Biroq barmoq izlaridan ma'lum bo‘ldi. Bino ikkita oddiy kamera, ikkita onlayn-kameralar kuzatuvi ostida. Onlayn-kameralardagi videoyozuvlarni test2019.uz sayti orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rish mumkin. Har bir guruhda ikkitadan nazorat qiluvchi xodim mavjud. Shunga qaramasdan, abituriyentlar tomonidan uyali aloqa vositasidan foydalanish holati kuzatildi va imtihondan chetlashtirildi. «Shpargalka»lar topilmadi. Agar abituriyent binoga olib kirsa ham, undan foydalanishga imkoniyat yo‘q», - deydi davlat test markazi vakili.

Bakalavriat bosqichining kunduzgi, sirtqi va kechki shakli uchun test sinovlari 10 avgustgacha o‘tkaziladi.

Mavzuga oid