O‘zbekiston | 12:49 / 29.07.2019
10195
4 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi deputati: Tez tibbiy yordam mashinalariga kameralar to‘sqinlik qilmaydi

O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasi va partiya a'zolari tomonidan mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni joylardagi ijrosini o‘rganish va xalq bilan bo‘layotgan muloqotlar jarayonida tez tibbiy yordam xizmati xodimlari shoshilinch ravishda chaqiruv bo‘yicha joyiga vaqtida yetib borishi bilan bog‘liq masalalar o‘rganib chiqilganida, bu sohada ayrim muammolar vujudga kelayotgani qayd etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umidjon Sulaymonovning ma'lum qilishicha, tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilari maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan yo‘l harakati qoidalarini (belgilangan tezlikni oshirish, svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga bo‘ysunmasdan o‘tish va xk.) buzgani bo‘yicha ayrim holatlarda javobgarlikka tortilayotgani aniqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga asosan, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tez tibbiy yordam xizmati haydovchilari tomonidan 2017, 2018 yillarda va 2019 yilning yanvar oyida jami 1644 ta yo‘l harakati qoidalari buzilgani qayd etilgan. Achinarli jihati bu raqamlar yildan yilga ortib borayotganligidir. Xususan, 2017 yilda 339 ta shunday holat aniqlangan bo‘lsa, 2018 yilda 968 ta, 2019 yilning birgina yanvar oyida bunday qilmishlar 120 tani tashkil etgan.

«Tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatish maqsadida zudlik bilan ketayotgan holda shunday qoidabuzarlik sodir etgan deya baholangan huquqbuzarliklar uchun 2017 yilda 16 nafar, 2018 yilda 110 nafar tez tibbiy yordam haydovchilari jarima to‘lagan. 2019 yil 1 mart holatiga ko‘ra, 89 ta shunday holatlar bilan bog‘liq hal etilmagan, muammoli holat sifatida baholanayotgan ishlar mavjud. Bu esa tez tibbiy yordam avtomashinalari haydovchilarining asosli noroziligiga sabab bo‘lmoqda, natijada tez tibbiy yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lganda ham, ularning svetoforning taqiqlangan chirog‘ida kutib turish, belgilangan tezlikdan oshirmasdan harakatlanishi oqibatida bemorga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish imkoniyati pasaymoqda», — deydi deputat.

O‘zbekiston «Adolat» SDP fraksiyasi a'zolari tomonidan mazkur masalani qonun yo‘li bilan hal qilish maqsadida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha kiritish bo‘yicha loyiha tayyorlanib barcha deputatlarning muhokamasiga kiritilgan.

Ushbu loyiha bilan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali tezkor va maxsus xizmat transport vositalari hamda ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar qayd etilgan hollarda haydovchilarning kechiktirib bo‘lmaydigan xizmat vazifalarini bajarganliklarini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb topiladi va ma'muriy ish ushbu Kodeksning 271-moddasiga muvofiq tugatiladi degan normani kiritish taklif etilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqish davomida AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa xorijiy mamlakatlarning tajribasi va qonun hujjatlari o‘rganib chiqildi. Ularning aksariyatida maxsus xizmat transport vositalari hamda ular kuzatib kelayotgan transport vositalari tomonidan yo‘l harakati qoidalariga muvofiq imtiyozdan foydalangan holda sodir etilgan ma'muriy huquqbuzarliklar qayd etilgan vaziyatlarda ularning haydovchilarini javobgarlikka tortilmasligi qonunlar bilan belgilangan.