Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Elmira Bositxonovaning «bozorchi ayollar» haqidagi gaplariga munosabat bildirdi
Bugun, 31 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbar xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda «Milliy tiklanish» partiyasi raisi, markaz rahbari Alisher Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 3 maydagi «Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mazmun-mohiyati va ijrosi yuzasidan ma'lumot berdi, shuningdek, OAV xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob qaytardi.
Tadbirda Alisher Qodirovdan bir muddat avval O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonovaning keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «bozorchi ayollar» borasida aytgan fikrlariga qanday munosabat bildirishi, umuman, bu borada Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi qanday pozitsiyada ekanligi so‘raldi.
«Chindan ham Elmira Bositxonova keskin gapirdi. Bozordagi ayollar ham ma'naviyatlimi, ma'naviyatsizmi, boshqalar qatori teng huquqli O‘zbekiston fuqarosi.
To‘g‘ri, bozordagi ayollarni o‘zimiz ham ko‘rganmiz, ayrimlari bor, og‘zidan «bodi kirib, shodi chiqadi», besh so‘m pul uchun odamning yoqasiga yopishadigani ham bor, lekin ularni begona deb bo‘lmaydi. Bunday jihatlar faqat ayollarda emas erkaklarda ham, umuman, butun jamiyatda shunday qatlam bor. Xo‘sh, biz ulardan kechishimiz kerakmi? Ularning peshonasiga ma'naviyatsiz tamg‘asini yopishtirib, uchinchi qatlam, to‘rtinchi qatlam sifatida ajratishimiz kerakmi? Yo‘q. Ular bilan ishlash kerak.
Menimcha, Elmira Erkinovna shu narsani inobatga olib gapirgan. Balki bu so‘zlar OAVda keskinroq yoritilgandir.
Bizning pozitsiyaga kelsak, hech kimdan voz kechmaymiz, ishlashda davom etamiz. Ammo bunda ko‘p omillar insonning o‘ziga bog‘liq. Pedagogikada shunday gap bor-ku: Insonning dunyoqarashini o‘zgartirishdek mashaqqatli masala yo‘q. Dunyoqarash ikki holda o‘zgarishi mumkin: Birinchisi, hayotda xato qilinadi va insonning o‘zi shu xatolardan xulosa chiqaradi. Ikkinchisi, kishi noto‘g‘ri yo‘lda ekanini tushunadi, kitob o‘qiydi, ma'rifat izlaydi, Xudoning ne'mati - idrokini ishlatadi va yo‘lini o‘zgartiradi. Uchinchi holat yo‘q!», deya Alisher Qodirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 11 iyul kuni Xotin-qizlar qo‘mitasining brifingi o‘tkazilgan va unda qo‘mita raisining bozordagi sotuvchi ayollar haqidagi so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Keyinchalik Xotin-qizlar qo‘mitasi raddiya bergan, Elmira Bositxonova muhokamalarga izoh berib, uning fikri to‘g‘ri talqin qilinmay, mazmundan uzib olingan alohida jumlalar yanglish tushuncha paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotganini bildirgandi.
Mavzuga oid
18:21 / 11.11.2024
Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotini taqiqlovchi qonun ishlab chiqilishini ma’lum qildi
15:34 / 20.10.2024
Rossiyalik deputat O‘zbekiston fuqarolariga viza rejimini joriy etishga chaqirdi. Jamoatchilik bunga javob qaytardi
16:23 / 29.08.2024
“Bolalar 7-sinfdan keyin qobiliyatidan kelib chiqib o‘qitilishi kerak” – Alisher Qodirov
10:59 / 12.07.2024