Jamiyat | 22:24 / 31.07.2019
7088
5 daqiqa o‘qiladi

«Polianna» - voqeliklardan yaxshilik qidirishga o‘rgatuvchi asar

Odam yaxshi asar o‘qiganida go‘yo anchadan beri ko‘rmagan do‘stini ko‘rgandek xursand bo‘lib ketadi, dunyoning bor tashvishini unutib kitob ichiga go‘yo kirib ketadi. 

Elinor Porterning «Polianna» kitobini o‘qish jarayonida men ham ana shunday holatga tushdim. Atrof bir zumda jimjit bo‘lib qoldi-yu, Polianna ismli qiz bilan birga sayr qildim. 

O‘smir qizchaning har bir gapi menga go‘yo ko‘zgu tutgandek bo‘ldi. U to‘shakka mixlangan bemor oldiga borarkan, “Siz oyoq qo‘lingiz qimirlayotganiga xursand bo‘lishingiz kerak” dedi. Yo‘lida uchragan odamdan kamchilik emas fazilat axtarayotgan qizchadek bir kun yashab ko‘rsam, xuddi bir sandiq boylik topgandek xursand bo‘lib ketdim. 

Rosti, Poliannaning har bir voqelikdan yaxshilik topish o‘yini hayotimizni yengillashtiribgina qolmay, undan zavqlanishni ham o‘rgatadi. Taqdir taqozosi bilan yetimlik zahrini tortayotgan qizcha bag‘ritosh xolasi qalbini yumshatishga ham erishdi, unga insondek yashash ilmini o‘rgatdi. 

Asar butunlay boshqa yurtda yozilgan, voqealar bizdan olisda bo‘lgani bilan muammolar bizga yaqin. Juda-juda yaqin. Masalan, asar qahramoni Poliannaga xolasi darslardan iborat kun tartibi belgilarkan, u “Xolajon, buncha dars qilsam qachon yashayman, axir?” deb so‘raydi. Darhaqiqat, nafaqat o‘zimiz, balki goho farzandlarimizga ham shunaqangi ko‘p yuklama yuklaymizki, u zavqlanish, to‘yib sho‘xlik qilishni ham unutib qo‘yayotgandek. 

Poliannaning shahdi, shijoati va gaplari bizni o‘zi yosh-u, taqdir zarbasi ulg‘aytirgan qizning dardlariga sherik qiladi. Hamma narsadan yaxshilik qidiraversangiz, ko‘ngilsizliklar o‘z o‘zidan esdan chiqadi. Qahramonning ushbu gapi, ko‘ngillarga malham beribgina qolmay, go‘yo dimiqqan xonaga kirgan tog‘ havosidek odamni xursand qiladi. Afsuski, ulg‘ayganimiz sari boladek quvonishni unutib qo‘yamiz. «Polianna» esa o‘quvchiga har bir soniyadan zavqlanishni o‘rgatadi, unutilgan quvonchni.

Kitob ilk bor 1912-yilda chop etiladi va qariyb bir asrdan oshdiki, hamon o‘quvchilar tomonidan iliq qarshi olinmoqda. Ilk chop etilganidan beri o‘tgan vaqt bu asarning asrlar silsilasiga bardoshli va hamma davrda ham o‘z o‘quvchisini topishini ko‘rsatdi. 

E'tiborli tomoni Elinor Porter ushbu kitobini uyining tomida bunyod etilgan tog‘da yozadi. Muallifning aytishicha, u bundan yaxshiroq sharoitni orzu ham qilolmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham kitob bir o‘qishda o‘quvchini o‘ziga bog‘lab qo‘yadigan darajada samimiy chiqqandir. Ushbu kitob mutolaasi o‘quvchini dunyoga odatdagidan ko‘ra yangicha nigoh bilan qarashga undaydi, hayotimizda shukr qilishga arzirli sabablarni topib beradi. Bir kun, bir kungina boladek beg‘ubor bo‘lishga chaqiradi va nazarimda uning aynan bizga yaqin jihati ham ana shunda. 

Amerika bolalar adabiyotining mumtoz namunasiga aylangan «Polianna» asari nafaqat farzandingiz, balki o‘zingiz o‘qishingiz uchun ham ajoyib tanlov bo‘la oladi. 

«Polianna» dan iqtiboslar:

Hamma narsadan yaxshilik qidiring, ko‘ngilsizliklar o‘z-o‘zidan esdan chiqadi. 

***

Insonga faqat yaxshi tomonlarini ko‘rsating, uning ahmoqona odatlarini gapirmang. Undagi menni topib bersangiz, u o‘zidagi ilgari ochilmagan qirralarni kashf etadi va albatta g‘olib bo‘ladi.

***

Ayol mehrisiz va bolasiz uy faqat boshpana, faqat ayol mehri bilangina uy haqiqiy uy bo‘ladi. 

***

Sen ko‘pincha avval gapirib, keyin o‘ylaysan. Ammo muhimi, sen hammasini to‘g‘ri qilyapsan.

Zuhra Ro‘ziyeva, kitobxon

Mavzuga oid