O‘zbekiston | 21:47 / 02.08.2019
19317
3 daqiqa o‘qiladi

Agrippina Shin: “Maktabgacha ta'lim tizimida eng ko‘p korrupsion holatlar oziq-ovqat masalasi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda”

“Maktabgacha ta'lim tizimida kuzatilayotgan eng ko‘p muammolar ham, eng ko‘p korrupsion holatlar ham oziq-ovqat ta'minoti bilan bog‘liq. Bu haqda maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Vazirga ko‘ra, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan MTMlarni ta'minlash og‘riqli masala bo‘lib qolmoqda. Yaqinda qabul qilingan “Maktabgacha ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari bilan kelishgan holda me'yorlashtirilgan ovqatlantirish tartibi ishlab chiqilmoqda. Bog‘chalarda ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘pincha oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli holda saqlashdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘ladi. 

Toshkent shahrida pilot loyiha sifatida autsorsing ovqatlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu bo‘yicha bizda milliy tajriba yo‘q. Metodologiya ham ishlab chiqilmagan. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi maktabgacha ta'lim muassasalarida Rossiya kompaniyasi bilan hamkorlikda autsorsing tizimi ishga tushadi. Ular 500 ming AQSh dollari hajmida pul ajratib, ovqatlantirish tizimida texnik holatni yaxshilash maqsadida sovutkichlar xaridini amalga oshiradi. Ularning tajribasini o‘rgangan holda, boshqa hududlarda ham tatbiq etishni rejalashtirganmiz”, ─ deydi maktabgacha ta'lim vaziri.

“Maktabgacha ta'lim muassasalarida ishlovchi oshpazlar ham asosan umumiy ovqatlanish tizimi uchun tayyorlangan kadrlar hisoblanadi, ular bolalar taomnomasi bo‘yicha mutaxassis emas. Shuning uchun ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda”, ─ deya qo‘shimcha qildi Agrippina Shin.

Shuningdek, matbuot anjumanida maktabgacha ta'lim muassasalarida kanselyariya va gigiyena vositalari uchun ota-onalardan pul so‘ralishi holatlari haqida ham so‘z bordi.

Maktabgacha ta'lim vaziri o‘rinbosari Shodiyor Mamatqulovning axborot berishicha, maktabgacha ta'lim muassasalari uchun kerakli vositalar va jihozlarning qaysilari davlat budjeti mablag‘lari asosida, qaysilari ota-onalar tomonidan moliyalashtirilishi bo‘yicha normalar belgilab chiqilmoqda. 

“Hozirda esa ota-onalar kanselyariya mahsulotlarini o‘z ixtiyorlariga ko‘ra sotib olib berishlari mumkin. Ammo sanitariya-gigena vositalari davlat budjeti hisobiga markazlashgan holda yetkaziladi. Ular uchun ota-onalardan pul talab qilinmasligi lozim”, ─ dedi vazir o‘rinbosari.

Mavzuga oid