Jahon | 20:08 / 02.08.2019
5959
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreya prezidenti Yaponiyaning savdo cheklovlarini kuchaytirish qarorini tanqid qildi

Foto: REUTERS

Prezident Mun Chje In Yaponiyaning Janubiy Koreyani yuqori texnologiya mahsulotlari sotib olish uchun har safar ruxsat olmaydigan «oq» mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish qarorini tanqid qildi.  

«Bugun Yaponiya hukumati mamlakatimizni «oq» mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Biz Yaponiyaning vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal etish yo‘lini rad etganidan va nooqilona qaror qabul qilganidan afsusdamiz», - dedi Mun Chje In.

Janubiy Koreya prezidentining e'tirof etishicha, Tokioning qarori jahon ishlab chiqarish zanjiriga salbiy ta'sir ko‘rsatishi va xalqaro hamjamiyat tomonidan salbiy qabul qilinishi mumkin, «kelgusida vaziyatning rivojlanishi uchun mas'uliyat esa to‘laligicha Yaponiya zimmasiga tushadi».

Avvalroq vazirlar mahkamasi Janubiy Koreyani yuqori texnologiya mahsulotlari sotib olishda cheklovlarga ega bo‘lmagan «oq» mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilgandi. Mazkur qaror rasman 21 kundan so‘ng, ya'ni avgust oxirida kuchga kiradi. Bu Tokioning Seulga nisbatan joriy etgan ikkinchi cheklovidir.

1 iyul kuni Yaponiya yarimo‘tkazgichlar va gadjetlar ekranlari ishlab chiqarishda zarur bo‘ladigan uch turdagi xomashyo eksporti ustidan nazoratni kuchaytirdi. Endilikda ularni olish uchun alohida ruxsatnoma kerak bo‘ladi.

Tokio va Seul o‘rtasidagi munosabatlar 2018 yil kuzda, Koreya oliy sudi Yaponiyaning Nippon Steel & Sumitomo Metal kompaniyasiga Ikkinchi jahon urushi davrida to‘rt nafar koreyalik ishchini majburan ishlatgani uchun tovon to‘lashga hukm chiqarganidan so‘ng keskinlashgandi. Yaponiya bu masala 1965 yilda hal etilganini ta'kidlab, sud qarorini bajarishni rad etgandi.

Mavzuga oid