2019 yil 1 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida shunday muhim tadbirlardan biri bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2019 yil birinchi yarmida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti parlamentda eshitildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, hisobotni Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov taqdim etdi.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari o‘z nuqtai nazarini bayon qildi. Jumladan, xalq vakillari Davlat dasturidagi jami 139 ta banddan 23 tasi (16,5 foizi)ning ijrosi to‘liq ta'minlanmaganini asosli tanqid qildilar. Xususan, qonun hujjatlarini tayyorlash va qabul qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish, iqtisodiy faoliyatdagi davlat ishtirokining aniq chegaralarini belgilash, 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar bugungi kunga qadar qabul qilinmagan. Davlat dasturida nazarda tutilgan qator qonun loyihalari ustida olib borilayotgan ishlarning tahlili shuni ko‘rsatadiki, ularni o‘z vaqtida va puxta ishlab chiqish, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish, parlament quyi palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritish borasidagi ishlar yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagan. Natijada «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi, «Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida»gi, «Diplomatik xizmat to‘g‘risida»gi, Soliq kodeksining yangi tahririni tasdiqlash kabi qonun loyihalarini belgilangan muddatlarda tayyorlashda qator muammolar yuzaga kelmoqda.

Dasturning 155-bandida belgilangan davlat tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, xususan, 16 ta tumandagi tibbiyot muassasalarini «har bir davolangan holat» uchun klinik-xarajat guruhlari bo‘yicha va kishi boshiga moliyalashtirish mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rilmayapti. Aholiga ko‘rsatilayotgan onkologik tibbiy xizmat sifatini oshirish va profilaktik tadbirlar qamrovini kengaytirishga yo‘naltirilgan Davlat dasturi doirasidagi amaliy chora-tadbirlar ham hanuzgacha yakuniga yetkazilmagan.

Ichki avtomobil yo‘llarining hozirgi holati, ularni ta'mirlash hamda saqlash ishlarining talab darajasida emasligi tanqid ostiga olindi. Davlat dasturining 178-bandiga muvofiq shahar ko‘chalari hamda boshqa aholi punktlarining ichki yo‘llarini kapital va joriy ta'mirlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.