Jamiyat | 17:20 / 05.08.2019
5247
12 daqiqa o‘qiladi

Kafolatli himoya fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini oshirmoqda

Foto: panthermedia/vostock-photo

Mamlakatimizda mustaqil sud hokimiyati zimmasiga fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalash, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash, adolatni qaror toptirish  vazifasi yuklatilgan.

Sudlar inson huquqlari ham­da qonuniy manfaatlarini Konstitutsiya va amaldagi qonunlarga tayanib, vakolatlari doirasida himoya qilmoqdalar. Buning samarasi o‘la­roq fuqarolarning sud hokimiyatiga, adolat bar­qarorligiga, qonun ustuvorligining bardavomligiga ishonchi tobora ortmoqda.

Masalan, Q. Fayziyev (ism-familiyalar o‘zgartirildi) sudga ariza bilan murojaat qilib, Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 oktyabrdagi "Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tanlov asosida yer uchastkalari berish tartibotlarini va qurilish uchun ruxsatnomalar olish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida viloyat hokimligi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda ishtirok etib, g‘olib deb topilganini qayd etgan.

Shundan so‘ng tuman yer uchast­kalari berish (realizatsiya qilish) komissiyasining 16-sonli dalolatnomasiga asosan Ishtixon tuman hokimining Q. Fayziyevga tumandagi "Qiyot" mahalla fuqarolar yig‘ini, Boylar qishlog‘i hu­dudida Sun'iy qoplamali stadion qurish uchun 1000 kvadrat metr yer maydonini doimiy foydalanish huquqi bilan ajratish to‘g‘risida qarori qabul qilingan. Ushbu yer maydonini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi zimmasiga yuklatilgan.

Hamma muammo shundan boshlangan. Chunki Q. Fayziyev tuman yer tuzish va ko‘ch­mas mulk kadastri davlat korxonasiga yer maydonini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni so‘rab, bir necha marta murojaat qiladi.

Le­kin tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri mutasaddilari stadion qu­rish uchun ajratilgan yer maydoni nizoli ekanini ro‘kach qilishdan nariga o‘tishmaydi.

Shundan so‘ng Q. Fayziyev tuman hokimining qaroriga asosan o‘zining nomiga ajratilgan 1000 kvadrat metr yer maydonini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berish majbu­riya­tini tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmati zimmasiga yuklashni so‘­rab, sudga murojaat qiladi. Ishtixon tuman ma'muriy sudining 2018 yil 5 fevraldagi hal qiluv qarori bilan Q. Fayziyevning murojaati qanoatlantirildi.

O‘z navbatida, sudning ush­bu qaroridan norozi bo‘lgan yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri Ishtixon tuman davlat korxonasi rahbari G‘. Ochilov kassatsiya tartibida shikoyat berdi. Kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida G‘. Ochilov sud ishni bir tomonlama ko‘r­gani, haqiqiy holatga yetarlicha baho bermagani, ushbu nizoli yer maydoni tuman hokimining 2017 yil 14 yanvardagi qarori bilan hammom qu­rish uchun V. Turdiyevga ajratilganini bayon qildi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudiga V. Turdiyev Q. Fayziyev tomonidan yer maydoniga o‘zboshimchalik bilan to‘kilgan toshni oldirish ha­qi­da da'vo arizasi bilan murojaat qilgani, sud qarori qabul qilinganini bildirdi.

Shuningdek, u V. Turdiyevga ajratilgan yer maydoni qonun talabiga ko‘ra, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganini qayd etib, birinchi bosqich sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni, arizachi Q. Fay­­ziyevning shi­­koyat arizasini rad etish haqida yangi hal qiluv qarori chiqarishni so‘radi.

Kassatsiya sudida mutaxassis sifatida so‘ralgan tuman arxitektori G. Azamatov masalaga oydinlik kiritdi. Maishiy xizmat uyi, stadion, hammom va omborxona qurish uchun Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 7 oktyabrdagi 285-sonli qarori ijrosi yuzasidan yer maydonlari tanlovga qo‘yilgan. Ushbu tanlovda Q. Fayziyev ham ishtirok etgan va g‘olib chiqqan. Ana shu tanlov o‘tguniga qadar stadion va omborxona uchun ajratilgan yer maydonida ba'zi fuqarolar o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurib olishgan. Ular ogohlantirilib, uy-joyni buzish yuzasidan sudga murojaat qilingan. G. Azamatovning ma'lum qilishicha, tuman rahbariyati bilan kelishilib, Q. Fayziyevga stadion, V. Turdiyevga esa, hammom qurish uchun tuman zaxirasidagi maydondan yer ajratilgan.

Tuman arxitektori G. Azamatov tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi boshlig‘iga tadbirkor V. Turdiyevga yer maydoni noto‘g‘ri berilgani, shu bois uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qonunga zid ekanini bildirgan. Q. Fayziyevning qurgan stadioni o‘ziga berilgan yer maydoniga to‘g‘ri keladi. Nizolashayotgan V. Turdiyev va Q. Fayziyevlarning yer maydonlari alohida-alohida.

Amaldagi Fuqarolik protsessual kodeksining 269-moddasi 1-qismida fuqaro o‘zining huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar (qarorlar) ustidan bevosita sudga yoki bo‘y­sunuv tartibida yuqori or­ganga, mansabdor shaxsga murojaat qi­lishga haqliligi, sud shikoyat­ning asosli ekanligini aniqlasa, shikoyatga sabab bo‘lgan xatti-harakatni (qa­rorni) g‘ayriqonuniy deb topishi, fuqaroning talabini qanoatlantirish vazifasini yuklashi, unga nisbatan qo‘l­langan javobgarlik choralarini bekor qilishi yoki uning buzilgan huquq­lari va erkinliklarini bosh­qa yo‘llar bilan tiklashi nazarda tutilgan.

Guvohi bo‘lganingizdek, tuman hokimining qaroriga asosan, Q. Fayziyevga stadion qurish uchun yer maydoni ajratilgan.

Biroq tuman hokimining ushbu qarori qonuniy kuchda bo‘lsa-da, tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi tomonidan sun'iy qoplamali stadionni davlat ro‘y­xatidan o‘tkazish asossiz ravishda rad qilingan.

Kassatsiya instansiyasi sud­lov hay'ati yuqorida qayd etilgan qonun talabi va ish holatlaridan kelib chiqib, manfaatdor shaxs G‘. Ochilovning kassatsiya shikoyatini qa­noatlantirmasdan, birinchi bosqich sudining hal qiluv qa­rorini o‘z­garishsiz qoldirishga qaror qildi.

Shu o‘rinda yana bir misolga to‘xtaladigan bo‘lsak, payariqlik Huriyat momo 1919 yilda tug‘ilgan. Bir asrlik hayot yo‘lini bosib o‘tgan onaxon hozirga qadar tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnomaga ega emas ekan. Uning ota-onasiga daxldor biron-bir hujjat saqlanib qolmagan.

Yuz bilan yuzlashgan onaxonning qo‘lida yagona pensionerlik guvohnomasi bor, xolos, unga shunga asosan nafaqa puli beriladi.

H. Umirovaning o‘g‘li P. Sher­­qulov tuman adliya bo‘limiga murojaat qilib, bir necha yillardan bo‘yon onasi X. Umirovaga tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma olish maqsadida turli tashkilotlarga murojaat qilgani, bi­roq natija bo‘lmagani, shu bo­is bu borada amaliy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Tuman adliya bo‘limi, o‘z nav­batida, sudga ariza bilan murojaat qilib, P. Sher­qu­lovning arizasini qanoatlantirish va Payariq tumani 1-son FHDYo bo‘limining 2019 yil 7 martdagi 127-sonli xatida ko‘rsatgan xatti-harakatlarni haqi­qiy emas, deb topish va FHDYo zimmasiga Huriyat Mirzaqobilovaning tug‘ilganligini qayd etish majburiya­tini yuklashni so‘ragan.

Sud majlisida onaxonning o‘zi ham ko‘rsatma berdi. 1940 yilda Sh. Umirovga turmushga chiqqani va Umirova fami­liya­siga o‘tgani, to‘qqiz nafar farzandi borligini qayd etib, FHDYo bo‘limi zimmasiga tug‘ilganlik guvohnomasini berish majburiyatini yuklashni so‘radi.

Sud majlisida javobgar — Payariq tumani 1-son FHDYo bo‘limi mudirasi M. Va­ho­bova H. Umirovaning hujjatlari to‘liq bo‘lmagani sababli uning vajlarini tasdiqlash imkoni — faqat sudga murojaat qilish huquqi tu­shun­ti­rilganini qayd et­di.

Payariq tumani "Yangi­obod"­ mahalla fuqarolar yig‘ini raisi T. Xudoyberdiyev tomonidan sudga taqdim etilgan dalolatnomada 1919 yilda tug‘ilgan H. Umirova shu manzilda yashab kelayotgani, ammo uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yo‘q ekani qayd etilgan. Shuningdek, Samarqand viloyati FHDYo arxivi ma'lumotnomasida Mirzaqobilova (Abdurahmonova) Huriyatning tug‘ilganlik haqi­dagi dalolatnoma yozuvlari qayd etilmagani ko‘rsatilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 14 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan "Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini qayd etish qoi­dalari"ning 19-bandida, 16 yoshdan oshgan, tug‘ilishi qayd etilmagan shaxslarning tug‘ilganligini qayd qilish sudning hal qiluv qarori asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 38-moddasiga muvofiq, fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini tuzatish va o‘zgartirishga yetarli asoslar bo‘lsa hamda manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmasa, fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.

Manfaatdor shaxslar o‘r­tasida nizo bo‘lsa yoki fuqarolik ho­lati hujjatlarini yozish or­gani yozuvni tuzatish yoki o‘z­gartirishni rad etsa, nizo sud tomonidan hal qilinadi.

Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini bekor qi­lish va tiklash fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan, manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lsa yoki fuqarolik holati hujjatlaridagi yozuvlarda jiddiy tafovutlar bo‘lsa, sud qarori asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qarori 1-ilovasi 18-bandida belgilangan muddat o‘tib ketganligi tug‘ilganlikning qayd etilishiga to‘s­qinlik qila olmasligi belgilangan.

Sud yuqorida qayd etilgan qonun va Vazirlar Mahkamasi qarori talablaridan kelib chiqib, H. Umirovaning arizasini qanoatlantirish zarur degan to‘xtamga keldi. 1-son FHDYo bo‘limi mansabdor shaxslari zimmasiga amaldagi yo‘riqnomalarda belgilangan tartibda tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvlarini tiklash majburiyatini yukladi.

Yaqinda Payariq tuman ma'­­muriy sudining Yo‘ltepa qishlog‘idagi P. Sherqulov xonadonida bo‘lib o‘tgan sayyor sud majlisida tuman adliya bo‘limining Huriyat Umirovaning manfaatlarini ko‘zlab, mansabdor shaxsning xatti-harakatlari ustidan keltirgan arizasini qanoatlantirish, 1-sonli FHDYo bo‘­limi mansabdor shaxslari zimmasiga X. Umirovaning tug‘ilganlik haqida dalolatnoma yozuvlarini tiklash majburiya­ti yuklatilgan sud qarori qabul qilindi.

Keksa onaxon adolat qaror topganidan behad mamnun bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, sudlar amaldagi qonun talablaridan kelib chiqib, fuqarolarning huquq­lari va qo­nuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilmoqda.

Botirali DIYoROV,
Samarqand viloyati
ma'muriy sudining raisi

Mavzuga oid