O‘zbekiston | 14:01 / 06.08.2019
67501
4 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilar uchun yangi jarima turi qachondan boshlab kuchga kirdi?

Foto: KUN.UZ

3 avgustdan boshlab yuridik shaxslarning yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi transport vositalari haydovchilari malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lmasa, unda ular eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarimaga tortiladi, deb yozmoqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultantlari Shavkat Gayberdiyev, Mirzohid Mirzaliyev.

Prezident tomonidan joriy yil 2 mayda imzolangan "O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonunga muvofiq, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasi (yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) birinchi qismi dispozitsiyasi yangi tahrirda quyidagicha bayon etildi:

"Transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek, transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi (ushbu kodeksning 135-1-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan hol bundan mustasno), qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa, litsenziya kartochkasi yoki yo‘l varaqasi, yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilarining, shu jumladan, yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi haydovchilarning malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikati (transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi guvohnomani almashtirish yoki yo‘qolgan guvohnoma o‘rniga boshqasini berish hollarini istisno qilgan holda, guvohnoma olingan paytdan e'tiboran ikki yillik davr bundan mustasno) yonida bo‘lmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi, xuddi shuningdek, ishonchnomalarni, transport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish va ijaraga berish shartnomalarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan (hisobga qo‘ymasdan) transport vositalarini boshqarish".

Yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, agar yuridik shaxslarning yo‘lovchi yoki yuk tashish faoliyatini amalga oshiruvchi transport vositalari haydovchilari malaka oshirishdan o‘tganligi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lmasa, ular eng kam ish haqining bir baravari miqdorida (223 000 so‘m) jarima to‘laydi.

Mazkur moddaning yangi tahrirdagi qoidalari qonun qabul qilinganidan uch oy o‘tib amalga kiritilishi belgilangan.

Demak, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasiga kiritilgan o‘zgartish joriy yilning 3 avgustidan boshlab kuchga kirdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, mamlakatimizda yo‘l harakati qoidalariga oid qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar zamirida, avvalo, yo‘l harakati xavfsizligini, fuqarolar hayoti va salomatligini ta'minlash mujassam. Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish choralarini kuchaytirish, shuningdek, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarning malakasini oshirish tartibini takomillashtirishga e'tibor qaratilayotgani ham shu maqsadga xizmat qiladi.

Mavzuga oid