O‘zbekiston | 12:58 / 08.08.2019
4727
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik yosh olim Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazida ish boshladi

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan o‘zbekistonlik yosh olim Aziz Karimov Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA)da faoliyatini boshladi. Bu haqda vazirlik xabar bermoqda.

Qiyin iqlim va ekologik sharoitlarga ega hududlarda innovatsion qishloq xo‘jaligini ilgari surish bilan shug‘ullanuvchi mazkur global markaz BAA Atrof-muhit va suv resurslari muhofazasi vazirligi, Islom taraqqiyot banki, Abu-Dabi Atrof-muhit muhofazasi agentligi, shuningdek qator donor tashkilotlari bilan hamkorlikda ilmiy-amaliy tadqiqotlar dasturlarini amalga oshiradi, 46ta davlatda imkoniyatlarni o‘stirish va ilm-fanni targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi.

Aziz Karimov Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA)ning Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha hududiy idorasi rahbari o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritadi. U Markaziy Osiyo hududidagi qishloq joylarida oziq-ovqat xavfsizligini va ovqatlanish sifatini oshishini ta'minlashga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi, ishlab chiqarishni rivojlantirish yo‘nalishidagi dasturlarni muvofiqlashtiradi.

AQSh Shimoliy-sharqiy universitetining iqtisodiyot bo‘yicha magistri va Germaniyaning Bonn universitetida falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini olgan Aziz Karimov hozirgacha turli nufuzli xalqaro tashkilotlarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelgan. Rivojlanish sohasidagi tadqiqotlar markazi (Germaniya, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Universiteti — Butunjahon iqtisodi rivojlanish ilmiy-tadqiqot instituti (Finlyandiya), Xalqaro chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutida (Vetnam), Makkajo‘xori va bug‘doy sifatini oshirish xalqaro markazida (Turkiya) u har tomonlama bilimlar to‘plab, boy xalqaro tajribaga ega bo‘lgan.

Ta'kidlash joizki, o‘tgan yili ICBA Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazini tashkil etishga ko‘maklashgandi. Markaz tomonidan Orol dengizi havzasi davlatlarida “Innovatsiyalar va texnologiyalar almashinuvi bo‘yicha xalqaro platforma” va ilmiy asoslangan hududiy boshqaruv mexanizmi ishlab chiqilgan bo‘lib, bu mexanizm barqaror rivojlanish maqsadlariga erishi uchun mamlakatlarning strategik rejalariga mos ravishda ekologik xatarlar va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish va moslashishga qaratilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish