Donor so‘zi lotinchadan tarjima qilganda «tuhfa qilmoq» degan ma'noni anglatadi. Chunki donor o‘z qonini berish orqali jamiyatdoshining hayotini saqlab qolishi, unga yangi hayot tuhfa qilishi mumkin. Donorlik ikki shaklda: qon va ichki organlarni to‘liq yoki bir qismini berish orqali amalga oshiriladi. Ichki organlar donorligi ham huquqiy, ham tibbiy jihatdan murakkab masala. Qon donorligi uchun esa har doim talab va taklif mavjud. Qon donorligi amaliyotining bir qancha tibbiy, huquqiy va diniy tomonlari mavjud.

Kimlar donor bo‘la oladi?

18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan, og‘irligi 50 kilogrammdan yuqori, o‘zini sog‘lom deb bilgan, irqi, kasbi, jinsidan qat'i nazar har bir inson qon va uning komponentlari uchun donor bo‘la oladi.

Respublika qon quyish markazi direktori A'lonur Saidovning ma'lumot berishicha, xirurgik  jarayonlarda (yurakda va tayanch-harakat organlari jarrohliklarida),  a'zoni ko‘chirib o‘tkazishda, onkologik kasalliklarda, gematologik xastaliklarda (leykoz, og‘ir darajali kamqonlik), patologik tug‘ruq jarayonlarida – ona va bolani saqlab qolish maqsadida, baxsiz holatlarda (avariya, yong‘in va boshqa) donorlik asosidagi qondan foydalaniladi.

Inson organizmida 4,5 – 5 litr qon bo‘ladi. Ko‘p yillik ilmiy izlanishlar va kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, 500 ml.gacha qon topshirish organizm uchun xavfsizdir. Har bir donorlik amaliyotida o‘rtacha 350-400 ml qon olinadi.

Donorlar nimalarga rioya qilishi kerak?

Donorlik amaliyotini bajarishdan avval qon beruvchi o‘z salomatligini muhofazalash hamda topshirilajak qon sifatini yaxshilash maqsadida bir necha jihatlarga diqqat qaratishi lozim.

Muntazam ravishda to‘laqonli ovqatlanish, kun davomida ko‘proq suyuqliklar iste'mol qilish muhim. Amaliyotdan 2-3 soat oldin yog‘li, achchiq taomlar istemol qilmaslik lozim. Yog‘li ovqatlar qonning sifatiga ta'sir qiladi va uning davo samarasini kamaytiradi. Och qoringa qon topshirish mumkin emas, shuning uchun donor ertalab yengil nonushta qilib kelishi lozim bo‘ladi.

Tiniqib uxlash lozim. Tungi navbatchilikdan keyin qon topshirish tavsiya etilmaydi, chunki navbatchilikda ko‘p quvvat sarflanadi, bu esa organizmda modda almashinuviga ta'sir qiladi. Donorlikkacha ikki kun mobaynida spirtlik ichimliklar ichish mutlaqo taqiqlanadi.