Jamiyat | 21:52 / 10.08.2019
29174
2 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimlaridan qarama-qarshi yo‘nalishda qochgan “Lasetti” haydovchisiga 15 sutkalik qamoq jazosi berildi

7 avgust kuni internet tarmog‘ida qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan avtomobil tasvirlangan videolavhalar tarqalgan, Toshkent shahar IIBB Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida qarama-qarshi harakat yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan "Lasetti" rusumli avtomobil poytaxt IIBB YPX inspektorlarining nazariga tushganligini ma'lum qilgandi.

Xabarda haydovchi YPX inspektorining to‘xtash haqidagi ishorasiga bo‘ysunmaganligi, avtomobilning davlat raqami aniqlanib, qoidabuzar haydovchini qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilgani aytilgandi.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining xabar berishicha, avtomobil haydovchisi Chirchiqdagi Jismoniy madaniyat davlat instituti 2-bosqich talabasi, 25 yoshli Sherzodbek Madaminov bo‘lgan. 

U YPX inspektorlaridan qochib, Crafers zavodi yonidagi mahallaga kirib yashiringan va mashinasi davlat raqamini yechib olib, o‘sha yerda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari qidiruvni to‘xtatishlarini kutib o‘tirgan chog‘ida qo‘lga olingan.

8 avgust kuni ma'muriy ishlar bo‘yicha Mirzo-Ulug‘bek tumani sudida mazkur holat bo‘yicha sud jarayoni bo‘lib o‘tgan.  

Sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 34-moddasiga asosan, (basharti shaxs bir necha ma'muriy huquqbuzarlik sodir etgan bo‘lib, shu haqdagi ishlar bir vaqtning o‘zida ayni bir organ tomonidan ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, bu shaxsga nisbatan qo‘llaniladigan uzil-kesil jazo og‘irroq ma'muriy jazoni nazarda tutuvchi sanksiya doirasida qo‘llaniladi) unga nisbatan 15 sutkalik ma'muriy qamoq jazosini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Sherzodbekning tan olishicha, u ilgari ham ana shunday huquqbuzarlikni sodir etgan va jarima to‘lashdan qochishga uringan.

Mavzuga oid