O‘zbekiston | 23:18 / 13.08.2019
41694
3 daqiqa o‘qiladi

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari ko‘proq korrupsiyaga qo‘l urgan

2019 yil iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot anjumani o‘tkazib, unda 2019 yilning birinchi yarmiga doir ma'lumotlarni taqdim etgan edi. Unda, korrupsiya bo‘yicha jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat darajasidagi mansabdorlar ekani ma'lum qilingandi. Kun.uz ushbu mansabdorlarning sohalari bo‘yicha oydinlik kiritilishini so‘rab, Bosh prokuraturaga murojaat qildi. Bosh prokuraturaning ma'lum qilishicha, korrupsiyaga respublika va viloyat miqyosida ko‘proq qo‘l urganlar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillaridir. 

«Joriy yilning 6 oyida korrupsiyaga doir jinoyatlarni sodir etgan mansabdor shaxslarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelgan.

Javobgarlikka tortilgan viloyat miqyosidagi mansabdorlar 1 nafar arxitektura, 2 nafardan Oliy va o‘rta-maxsus ta'limi hamda qishloq va suv xo‘jaligi tizimi, nodavlat notijorat tashkilotlar xodimlari va davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt rahbarlari, 3 nafar boshqa davlat boshqaruv organlari xodimlari, 6 nafar sog‘liqni saqlash tizimi hamda 18 nafar huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat organlari xodimlar hisoblanadi.

Shuningdek, respublika miqyosidagi mansabdorlardan 1 nafar davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt rahbari, 2 nafar sog‘liqni saqlash tizimi, 22 nafar huquqni muhofaza qiluvchi hamda nazorat organlari tizimidagi xodimlar korrupsion jinoyatlarga qo‘l urganligi uchun javobgarlikka tortilgan», - deyiladi Bosh prokuratura javobida.

Unda alohida qayd etilishicha, korrupsion jinoyatlar deganda faqat pora olish jinoyati tushunilmaydi. Statistikani shakllantirishda Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi uchinchi qism «v» bandi (xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 211-moddasi (pora berish) va boshqa yana ko‘plab jinoyatlar ham korrupsion jinoyat sifatida hisoblanadi. 

Mavzuga oid