Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida Buzilishi lozim bo‘lgan imoratlarni baholash tartibi loyihasi muhokama qilinmoqda, deb yozadi Norma eksperti Oleg Zamanov.
Buzilishi lozim bo‘lgan imoratlarni baholash – yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish mexanizmining muhim elementi. U fuqarolar va yuridik shaxslarga ularning uy-joylari, ishlab chiqarish va boshqa qurilmalari, inshootlar va dov-daraxtlari buzilganligi, olib qo‘yilganligi bilan bog‘liq qoplanadigan zarar miqdorini belgilaydi. Aynan shu sababli, amaliyotda bo‘lg‘usi nizoli vaziyatlarning oldini olish maqsadida ushbu tartib-taomilni to‘liq va batafsil tartibga solish juda muhimdir.
Ushbu masalaga oid mavjud normativ baza mazkur talabga to‘liq javob bera olmaydi. Buzilayotgan mol-mulkni baholash ushbu taomilning barcha jihatlari ochib berilmagan holda quyidagi hujjatlarda qayd etiladi:
• «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun;
• Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom;
• Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari ijarachilari va mulkdorlarining ko‘rgan zararlarini, shuningdek qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining o‘rnini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom.
Bu nuqtai nazardan ishlab chiqilgan loyiha to‘g‘ri yo‘nalishda qilingan qadam bo‘ldi. Hujjatda obektlarni baholashning asosiy bosqichlari, muddatlari, mulkdorlar, baholovchilar va vakolatli organlarning huquq va majburiyatlari, ularning o‘zaro munosabatlari tavsifi va boshqa muhim jihatlar, masalan, qurilmaning jismonan eskirishini aniqlash mezonlari va boshqalar aks ettirilgan.
Hujjat ikki qismdan – Vazirlar Mahkamasi qarorining matni (qaror qismi) va u bilan tasdiqlanadigan Buzilishi lozim bo‘lgan qurilmalarni baholash tartibidan (qarorga ilova, keyingi o‘rinlarda - Tartib) iborat. Ishlab chiquvchining (Davlat aktivlarini boshqarish agentligi) nuqtai nazarida eng muhim jihatlar, buzilishi lozim bo‘lgan qurilmalarni baholash mexanizmiga asos bo‘luvchi tartib-taomillar qaror qismida keltirilgan. Masalan, bu yerda qat'iy ravishda kadastr hujjatlari bo‘yicha baholash ko‘rsatilgan, unda aks ettirilmagan imoratlar baholash obektiga kiritilmaydi – bunga yo‘l qo‘yilmaydi.















